Uchrashuvlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev va Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falih hamraisligida oʻtkazildi. Tadbirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Shohrux Gʻulomov ham ishtirok etdi.

Yigʻilishlarda ikki mamlakat davlat idoralari va ishbilarmon doiralaridan 70 dan ziyod vakil, jumladan, Acwa Power, Al Muhaidib Group, Vision Invest, Al Arkkan, Data Volt, Riyadh Cables, Saudi Tabreed, AlBawani Holding, Miahona kabi yirik kompaniyalar ishtirok etdi.

Muzokaralar yakunida energetika va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, turizm, transport va logistika, axborot texnologiyalari, infratuzilmaviy qurilish, uy-joy-kommunal va suv xoʻjaligi sohalarida 10 ta ikki tomonlama hujjat va loyiha imzolandi.

2024-yilda ikki davlat oʻrtasidagi savdo hajmi 142,4 million dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilning yanvar–avgust oylarida bu koʻrsatkich 111,5 million dollarga yetdi. Hozirda Oʻzbekistonda saudiyalik kapital ishtirokidagi 27 ta korxona faoliyat yuritmoqda, umumiy qiymati 27,2 milliard dollarga teng 56 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda, shundan 2025-yilda 900 million dollar oʻzlashtirilgan.