Kecha Nyu-York shahrida Oʻzbekiston va Surinam oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisida Qoʻshma kommyunike imzolandi.

Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov va Surinamning BMTdagi doimiy vakili Sunil Algram Sitaldin imzoladi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qoʻshma hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shu tariqa, Surinam Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan 158-davlat boʻldi.

Mazkur hujjatning imzolanishi Oʻzbekiston bilan Lotin Amerikasi davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirishda muhim qadam boʻldi.

Eslatib oʻtamiz, shu 5-fevral kuni Oʻzbekiston Afrikaning Somali davlati bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan edi.