Olgan Bekar shu yilning mart oyida Turkiya Respublikasining Oʼzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida oʼz faoliyatini boshlagan edi.
– Fursatdan foydalanib, sizlar bilan ayrim raqamlarni boʼlishsam. 2020 yilda Turkiya va Oʼzbekiston oʼrtasidagi savdo aylanmasi 2,1 milliard АQSh dollarini tashkil etdi. 2021 yilda esa bu raqam 3 milliad АQSh dollariga yetishi kutilmoqda. Qayd etish joizki, savdo munosabatlarida eksport va import oʼrtasida muvozanat mavjud, – dedi elchi O.Bekar.
Tadbirda iqtisodiyot, taʼlim, tibbiyot, turizm va ekologiya mavzulariga oid jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob qaytardi. Berilgan takliflar qabul qilindi hamda kelgusida birin-ketin amalga oshirilishi aytildi.
Quvonarlisi, mamlakatimiz aholisi turistik sayohatlar maqsadida eng koʼp ushbu mamlakatga yoʼllanma olmoqda. Ishlash uchun ketayotgan mehnat migrantlari boʼlgan yurtdoshlarimiz soni ham koʼp. Demak, mazkur davlat bilan aloqalarimiz va uning rivojlanishi muhim ahamiyatga ega.
Muloqotda kuzda oʼtishi kutilayotgan Toshkent kinofestivaliga Turkiyadan ham qator mashhur aktyorlar kelishi, taʼlim yoʼnalishida yangi loyihalarni yoʼlga qoʼyish boʼyicha muzokaralar va masʼul idoralar bilan kelishuvlar ustida ishlanayotgani aytib oʼtildi. Shuningdek, mehnat migrantlari masalasi boʼyicha ham ikki davlat masʼullari oʼzaro hamkorlikda ishlashga kelishib olingani, turk tadbirkorlarining yurtimizda duch kelayotgan muammolari tegishli tashkilotlar tomonidan oʼz vaqtida ijobiy hal etilayotgani eʼtirof etildi.