Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari, shuningdek, tarmoq birlashmalari rahbarlari qatnashdilar. Yigʻilish kun tartibiga savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, bank-moliya, ilmiy-texnologik, madaniy-gumanitar hamkorlikning keng koʻlamli masalalari kiritildi.
Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligining strategik xususiyatini qayd etgan ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek, hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini aniqlash borasidagi saʼy-harakatlarni yana-da faollashtirish borasidagi qoʻshma ishlarning dolzarbligini taʼkidladilar.
Uchrashuvda energetika, transport, taʼlim, madaniyat va turizm vazirliklari rahbarlari oʻz hisobot va taqdimotlar bilan soʻzga chiqdilar hamda tegishli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish yoʻllari toʻgʻrisidagi tasavvurlari bilan boʻlishdilar. Konstruktiv fikr almashinuvi oʻzaro manfaatlarning kesishish nuqtalarini aniqlash va amaliy hamkorlikni faollashtirish uchun aniq qadamlarni belgilash imkonini berdi.
Uchrashuv chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi investitsiya, savdo-iqtisodiy, transport va tranzit, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Xususan, yaqin kelajakda tomonlar Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi kelishuv loyihasini tasdiqlash boʻyicha ishlarni yakunlashi kutilmoqda. Bitim shu yil oʻtkazilishi rejalashtirilgan Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yigʻilishi chogʻida imzolanishi kutilmoqda.
Shuningdek, tomonlar ayrim tovar pozitsiyalariga nisbatan oʻzaro savdodagi mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish hamda oʻzbek va turk mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga oʻzaro kirishiga koʻmaklashish mexanizmlarini ishlab chiqish boʻyicha qator amaliy chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
“Xitoy – Markaziy Osiyo – Kavkaz – Yevropa” transport yoʻlagining yuk bilan taʼminlanganligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishga oid saʼy-harakatlar birlashtiriladi. Bu oʻzaro savdoni rivojlantirish va mintaqaning tranzit salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan qoʻshimcha shart – sharoitlarni shakllantiradi.
Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Gruziya temir yoʻl tashkilotlari tomonidan imzolangan “Tranzit tariflariga chegirmalar taqdim etish toʻgʻrisida”gi shartnomaga Turkiya Davlat temir yoʻl korporatsiyasining qoʻshilishi haqidagi qaror qabul qilinishini tezlashtirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Turkiya Respublikasi Savdo vazirligi oʻrtasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya va metrologiya sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Bitim, Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat Qoʻmitasi bilan Turkiya Respublikasi Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligi oʻrtasida baliqchilik sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Bitim, “Chengiz Enerdji” kompaniyasi bilan Sirdaryo viloyatida 240 MVt quvvatga ega kombinatsiyalashgan siklli bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish boʻyicha investitsiyaviy Bitim va “Oʻzbekiston Milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini sotib olish boʻyicha tegishli kelishuv imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.