O‘zbekiston va Turkiya mudofaa vazirlari hamkorlikning joriy holati va istiqbollari haqida fikr almashdi

    Harbiy 28 Oktabr 2020 1394

    Turkiya Respublikasi mudofaa vaziri general Xulusi Akar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

    Dastlab Mudofaa vazirligida faxriy qorovul ishtirokida mehmonlarni rasmiy kutib olish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi. Shundan so‘ng qardosh xalq harbiy delegatsiyasi sharafiga Mudofaa vazirligida qabul uyushtirilib, muzokaralar davom ettirildi.

    Muzokaralarda Bahodir Qurbonov va Xulusi Akar O‘zbekiston hamda Turkiya davlatlarini bir-biri bilan chambarchas bog‘lab turuvchi jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Dini, tili, tarixiy urf-odatlari bir bu ikki xalqning do‘stona munosabatlari bundan keyin ham yana-da mustahkamlanib borishiga ishonch bildirildi.

    Mudofaa vazirlari davlat rahbarlarining oliy darajadagi tashriflari davomida erishilgan natijalarga, shuningdek, harbiy sohada ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga alohida eʼtibor qaratdi.

    Tadbir yakunida ikki davlat Mudofaa vazirligi rahbarlari O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish haqida bitim imzoladi.