Senat Raisi T. Narbayeva davlatimizda amalga oshirilgan tub siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, shuningdek gender tenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida barcha sohalarda, shu jumladan, parlamentlar oʻrtasida hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida parlamentlararo hamkorlik holati va istiqbollari muhokama qilindi hamda gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
F. Aksal mamlakatimiz katta yutuqlarga erishayotganini, davlatlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik rishtalari yanada mustahkamlanib borayotganini taʼkidlab, bugun Oʻzbekiston va Turkiya ishonchli strategik hamkor mamlakatlar hisoblanishini qayd etdi.
Mamlakatimizda xotin-qizlar masalalariga eʼtibor kuchaygani, ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratilayotgani, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlarini bartaraf etish, imkoniyati cheklangan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaliy ishlar olib borilgani hamda 2021-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga Oʻzbekiston raislik qilgani alohida taʼkidlandi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, ikki mamlakat uchun har jabhalarda ustuvor boʻlgan yoʻnalishlarda, jumladan xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish borasida hamkorlik oʻrnatish, mamlakatlar hududlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali samarali hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
Shuningdek, uchrashuvda oʻzaro qiziqish uygʻotgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis senati matbuot xizmati.