Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik masalalari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 20 Yanvar 2021 1457

    19-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat Oktay bilan telekonferensaloqa shaklida muzokaralari boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar investitsiya, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama shartnomalarni amalga oshirishning joriy holati hamda ularni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish boʻyicha kelgusi chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yil fevral oyida Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi yakunlari boʻyicha tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ga kiritilgan loyihalarni roʻyobga chiqarish bilan bogʻliq qator masalalar koʻrib chiqildi.

    Turkiyaning hududlarda sanoatni rivojlantirish borasidagi tajribasini Oʻzbekistonda qoʻllash va maxsus iqtisodiy zonalarning samarali faoliyatini tashkil etishning amaliy jihatlariga toʻxtalib oʻtildi.

    Ikki mamlakat tegishli vazirliklari tomonidan Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi Bitimni qisqa muddatda kelishish hamda tasdiqlash borasida birgalikda olib borilayotgan ishlarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Muloqot chogʻida iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston — Turkiya hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 6-yigʻilishini oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar ham muhokama etildi. Shu oʻrinda, tadbir doirasida oʻzbek va turk tadbirkorlari ishtirokida har ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni ragʻbatlantirish va sanoat kooperatsiyasi boʻyicha yangi loyihalarni shakllantirishga qaratilgan biznes-forum tashkil etishga kelishib olindi.

    Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlashga qaratilgan yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.