Uchrashuv kun tartibidan avvalo parlamentlararo aloqalar, shuningdek, savdo va iqtisodiyot, investitsiyalar, agrar, transport, energetika va madaniy-gumanitar yoʻnalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin oldi.

Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi doʻstlik, keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining surʼati ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy tashriflari va muntazam muloqotlari natijasida yangi bosqichga koʻtarilib borayotgani, bunda Oʻzbekiston – Turkiya strategik sheriklik kengashining oʻrni alohida ekani qayd etildi.

Ikki davlat munosabatlarida parlamentlararo hamkorlikning ahamiyati ortib borayotgani, keyingi yillarda muntazam muloqotlar va tashriflar faollashgani oʻzaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Oliy Majlisning Buyuk Millat Majlisi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhi va “Turkiya – Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik guruhi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlar asosida qabul qilingan “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, parlamentlarning tegishli qoʻmitalari oʻrtasida savdo, iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, bank-moliya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda muloqotlarni davom ettirish har ikkala mamlakat uchun manfaatli ekaniga urgʻu berildi.

Jumladan, Fuat Oktay “Oʻzbekiston oʻlkasi barchamiz uchun yagona turkiy sivilizatsiyaning bosh bulogʻi boʻlishi bilan birga, bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasidagi tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda eng muhim tashabbuslari bilan markaziy strategik rol oʻynayotgan davlat, deb bilamiz. Davlatlarimiz oʻrtasidagi turli yoʻnalishlardagi aloqalarni rivojlantirishga oid parlamentlararo hamkorlik qanchalik zich va faol boʻlsa, ikki tomonlama keng qamrovli muloqotimiz natijalari shunchalik samarali va bardavom boʻladi. Shu maʼnoda biz qardosh Oʻzbekistonni yaqin davrda Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasining toʻlaqonli aʼzosi sifatida koʻrishga katta umid bogʻlaymiz”, deb taʼkidladi.

Uchrashuvda shuningdek, mamlakatlarimiz hamkorligiga oid istiqboldagi reja hamda qoʻshma loyihalar yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.