Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
22-avgust kuni Turkmanistonning “Avaza” sayyohlik zonasida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Rahbarlar ishtirokida bir qator hujjatlar, jumladan, Ilhom Mahkamov va Türkmenhowaýollary (Turkmenistan Airlines) davlat xizmati raisi Dovran Saburov oʻrtasida fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi bayonnoma imzolandi.
Oʻzbekiston Transport vazirligi rahbarining soʻzlariga koʻra, mazkur hujjat kelajakda toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish uchun zarur shart-sharoit yaratadi.
“Hozir Oʻzbekistondan Turkmanistonga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻq… Bugun biz hujjatni imzoladik va yaqin kelajakda ularni mamlakatlarimiz oʻrtasida ishga tushirish imkoniyati paydo boʻladi”, — dedi Mahkamov.








