Oʻzbekiston va Vengriya rassomchilik va dizayn sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik qiladi

    Ta'lim 9 Sentabr 2024 613

    Oʻzbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriyaning Moxoli-Nad nomli Sanʼat va dizayn universiteti bosh ijrochi direktori Reka Metxaides va prorektor Lili Ermezey bilan muzokara oʻtkazdi.

    Unda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Moxoli-Nad nomidagi Sanʼat va dizayn universiteti oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama qilindi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekistonda sanʼat rivojida salmoqli yutuqlarga erishilgani, madaniy tarbiya va badiiy ijodni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Zamonaviy oʻqitish usullari, raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar nafaqat kasbiy yuksalish, balki sanʼatning jamiyatdagi rolini kuchaytirishga ham xizmat qilayotgani eʼtirof etildi.

    Reka Metxaides Oʻzbekistonga qilgan safari taassurotlari bilan oʻrtoqlashar ekan, mamlakat oʻzining koʻp asrlik madaniyati, boy tarixi va betakror sanʼati tufayli unda katta taassurot qoldirganini aytib oʻtdi. “Oʻzbek sanʼati yorqin milliy kashtachilik turlaridan tortib, nafis miniatyura va meʼmorchilik kabi betakror yoʻnalishlarigacha har bir ijodkorni ilhomlantiradi va badiiy ijodning yangi qirralarini ochib beradi”, – dedi u.

    Prorektor Lili Ermezey Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirgan holda, tajriba va fikr almashishning muhimligini qayd etdi.

    Tomonlar, shuningdek, oʻquv va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish, talabalar va oʻqituvchilarning amaliyot oʻtashlari, qoʻshma koʻrgazmalar tashkil etish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.

    Vengriya vakillari qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratish va ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi professional aloqalarni mustahkamlash imkonini beradigan oʻzaro munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdorligini tasdiqladi.

    Bosh ijrochi direktori Reka Metxaides hamkorlikning ilk qadami sifatida 2025-yilda Oʻzbekistonda “Kubik Rubik” koʻrgazmasini oʻtkazishni taklif qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Mazkur tadbir ikki davlat oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirishda muhim bosqich boʻlishi kutilyapti.