Oʻzbekiston va Vyetnam turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum oʻtkazildi

    Turizm 9 Sentabr 2024 1463

    Bugun, 9-sentyabrda Toshkent shahrida joylashgan “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida Vyetnam Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtdi.

    Mazkur forum ikki davlat oʻrtasida sayyohlar almashinuvini koʻpaytirish, Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini Vyetnamda targʻib etish va Oʻzbekiston-Vyetnam turizm sanoati vakillari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bagʻishlandi.

    Biznes-forumda Oʻzbekiston va Vyetnamning davlat va xususiy sektor vakillari, jumladan, hukumat vakillari, biznes rahbarlari va investorlar, shuningdek, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

    Tadbirda joriy yil 27-oktyabrdan boshlab Toshkent va Vyetnamning Fukuok orollari oʻrtasida “Uzbekistan airways” aviakompaniyasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar faoliyati yoʻlga qoʻyilayotganligi maʼlum qilindi.

    Muntazam ravishda haftada ikki marotaba amalga oshiriladigan reyslar orqali qishki turizm mavsumida Vyetnamdan mamlakatimizga sayyohlar oqimining oshirilishi, shuningdek, uchinchi davlat fuqarolarining mamlakatimiz orqali Fukuok orollariga yetib olishlari hamda u yerda dam olayotgan boshqa davlat fuqarolarining Oʻzbekistonga kirib kelishlari uchun qulay imkoniyatlar yaratiladi.

    “2023-yilda Vyetnam Respublikasidan Oʻzbekistonga 2 mingga yaqin turistlar kirib kelgan, joriy yilda esa bu koʻrsatkich bir necha karra ortishi kutilyapti. Bunda Oʻzbekiston va Vyetnam oʻrtasida turizm sohasida yoʻlga qoʻyilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida oʻrin tutadi. Vyetnam davlatida yurtingizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va goʻzal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida boʻlganlar soni ortib borayotganligini qayd etishim lozim. Bu esa ikki tomonlama sayyohlar almashinuvida manfaatlidir”, — deb aytib oʻtdi Vyetnam rasmiysi Aleksandra Nguyen.

    Forum davomida Oʻzbekiston va Vyetnam tomonlari vakillari oʻrtasida B2B formatidagi uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qildilar, Oʻzbekiston va Vyetnam oʻrtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini oʻrgandilar. Forum Oʻzbekiston va Vyetnam sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi bilan yakunlandi.

    Oʻzbekiston-Vyetnam sayyohlik biznes-forumi ikki davlat vakillari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam boʻldi. Forum ishtirokchilarga hamkorlik va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlarni oʻrganish uchun platforma taqdim etdi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.