Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida viza tartibi yanada erkinlashtirilishi mumkin

    Oʻzbekiston elchixonasi diplomatlari va Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Konsullik departamenti vakillari oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi.

    Bu haqda «Dunyo« AA xabar bermoqda.

    Xitoy TIV Konsullik departamentining Viza siyosati va ishlari boshqarmasi direktori Son Shiyu bilan konsullik – huquqiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikka oid keng koʻlamli masalalar muhokama qilindi.

    Muzokaralar chogʻida, Xitoyning viza siyosati, ikki mamlakat fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda Oʻzbekiston – Xitoy oʻrtasidagi sohaga oid meʼyoriy-huquqiy bazani kengaytirish xususida fikr almashildi.

    Xitoy tomoniga soʻngi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, tadbirkorlik, biznes va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar hamda va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi.

    Hukumatimiz tomonidan Oʻzbekiston va dunyoning boshqa mamlakatlari oʻrtasida vizalarni liberallashtirishga ustuvor masala sifatida qaralayotgani taʼkidlanib, bu borada erishilgan ijobiy natijalarga toʻxtalib oʻtildi.

    Oʻzbekiston tomoni uchun kelgusida ham konsullik – huquqiy sohadagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri xorijiy davlatlar bilan viza tartibini yanada erkinlashtirish, xususan, viza talablaridan oʻzaro ozod etish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishish hisoblanishi aytib oʻtildi.

    Tomonlar, oʻzaro samarali hamkorlik natijasida ikki mamlakat fuqarolari almashinuvini kengaytirish va turizm sohasini izchil rivojlantirishdan birdek manfaatdor ekanligini qayd etdilar.

    Boshqarma direktori Son Shiyu Oʻzbekistondagi siyosiy, iqtisodiy ijobiy oʻzgarishlar, ayniqsa, soʻngi yillarda dunyo mamlakatlari bilan vizalarni liberallashtirish borasida olib borilgan samarali natijalarni yuqori baholab, Xitoy tomoni ham ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi.

    Sohaga oid oldinda turgan masalalarni birgalikda hal etishga kelishib olindi.