2008-2009-yillarda Taro Aso Yaponiya Bosh vaziri, shuningdek Yaponiya Liberal-demokratik partiyasining prezidenti boʻlgan. 2012-yildan 2021-yilgacha u Yaponiya Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
Uchrashuv chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarning kun tartibi hamda uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy va texnik sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda barqaror tendensiya kuzatilayotganligi qayd etildi.
Oʻzbekiston va Yaponiya munosabatlarining ustuvor yoʻnalishlarida oʻzaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish borasida birgalikda ish olib borishga oʻzaro qiziqish bildirildi. Energetika, sogʻliqni saqlash, transport infratuzilmasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
Yaponiyaning yirik kompaniyalari va moliya tashkilotlarini Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish boʻyicha kelgusidagi hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqildi.
Shuningdek, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish choralari belgilandi. Shu nuqtayi nazardan, 2004-yilda Taro Aso rahbarligida tashkil etilgan Yaponiya – Oʻzbekiston parlamentlararo Doʻstlik Ligasining oʻrni qayd etildi. Tomonlar joriy yilning ikkinchi yarmida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Yaponiya – Oʻzbekiston parlamentlararo forumining navbatdagi yigʻilishining kun tartibini koʻrib chiqib, ikki tomonlama muhokama qilish uchun muhim ahamiyatga ega masalalarni ajratib oldilar. Shuningdek, Yaponiya parlamenti va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalarini har tomonlama muhokama qilish uchun Oʻzbekistonga tashrifini tashkil qilish istiqbollari oʻrganildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar koʻrib chiqilgan barcha sohalarda muloqotni rivojlantirishga oʻzaro sodiqligini hamda Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi hamkorlikning yuqori darajasini saqlab qolish niyatlarini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: Taro Aso – Yaponiya davlat va siyosat arbobi. U 1979-yildan beri toʻqqiz marta parlamentga saylangan. 1988-yildan boshlab u hukumatda faoliyat yuritgan. Jumladan, taʼlim, madaniyat va sport vazirining oʻrinbosari, iqtisodiy rejalashtirish vaziri, iqtisodiy va moliyaviy siyosat davlat vaziri, ichki ishlar va kommunikatsiyalar vaziri lavozimlarida hamda 2005-yildan 2007-yilgacha — tashqi ishlar vaziri boʻlib ishlagan.