O'zbekiston vakili Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligining mukofoti bilan taqdirlandi

    Tadbirda dunyoning 15 davlatidan kelgan ishchilar mukofotlandi.

    Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi vakillari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvanju shahridagi vakolatxonasi xodimlari bilan birgalikda ishga joylashish uchun ruxsatnomalar tizimi (EPS) bo'yicha ishga jalb etilgan va shartnomani muvaffaqiyatli yakunlab qaytgan ishchilarning xalqaro konferensiyasida ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

    Anjuman Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi tomonidan Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati (HRD Korea) ko'magida tashkil etildi.

    Anjuman davomida ishga joylashishga ruxsat berish tizimi doirasida vijdonan bajargan mehnati uchun sobiq ishchilarni taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Mehnat vaziri Li Jong Shik «Е-9» vizasi asosida uzoq muddatli ishlarga qo'shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

    Tadbirda dunyoning 15 davlatidan kelgan ishchilar mukofotlandi. O'zbekiston tomonidan shartnomani muvaffaqiyatli yakunlab, vatanga qaytgan va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga ishga joylashgan sobiq mehnat migranti Otabek Komilov taqdirlandi.

    Anjuman ishtirokchilari ushbu tizimni takomillashtirish bo'yicha o'z takliflarini bildirdilar, bandlik tizimida ishlagan tajribalari bilan o'rtoqlashdilar. Shuningdek, to'plangan tajribalar vatanga qaytganlarida ularning kelgusidagi mehnat faoliyatiga qanday ta’sir qilgani haqida so'zlab berdilar.

    Tadbirda mehnat shartnomasi muddati tugagach, ishchilarning o'z vataniga qaytishini qo'llab-quvvatlash, noqonuniy mehnat faoliyatiga qarshi kurashish masalalari ham muhokama qilindi.