Taniqli raqqosa, oʻzbek raqs sanʼatida oʻz maktabini yaratgan “Oʻzbekiston xalq artisti” Qizlarxon Doʻstmuhammedova 77 yoshida vafot etdi.
Q.Doʻstmuhammedova 1946-yil, 25-oktyabr sanasida Toshkent shahrida tavallud topgan. Dastlab 1965-yilda Toshkent davlat universitetini, 1977-yilda Toshkent teatr va rassomchilik sanʼati instituti (hozirgi Sanʼat va madaniyat instituti) tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1965-yilda M.Qori-Yoqubov nomidagi Oʻzbek Davlat filarmoniyasi balet solisti sifatida boshlagan va 1989-yilga qadar faoliyat olib borgan.
Keyinroq “Oʻzbekiston” Teatr-studiyasi solisti (1989-1991), Toshkent davlat madaniyat instituti, “Xalq musiqasi” kafedrasi oʻqituvchisi (1991-1995), Xalqaro “Oltin Meros” xayriya jamgʻarmasi qoshidagi milliy mumtoz raqs dastasining bosh badiiy rahbari sifatida (1999-2005) faoliyat yuritgan.
Q.Doʻstmuhamedova lirik raqqosa, raqslari nafis va jozibali harakatlarga boyligi bilan ajralib turadi. “Goʻzal”, “Tong malikasi”, “Goʻzal tong”, “Intizor”, “Buxoro yulduzi”, “Sevgi taronasi”, “Nozli” kabi zamonaviy, shuningdek, “Munojot”, “Tanavor”, “Moʻgʻulchai segoh”, “Qorakoʻzim”, “Guluzorim”, “Savti miskin” va bilan mumtoz raqslari mashhur.
“Shashmaqom” telefilmida qatnashgan (1972), “Tanavor” raqs ansambli (Siyetl, AQSH)da oʻzbek raqslarini sahnalashtirgan. AQSH Liviya, Fransiya, Germaniya, Tunis kabi mamlakatlarda gastrol safarlarida boʻlgan. Doʻstmuhamedova ijodiga bagʻishlab “Nafosat guldastasi” nomli film ishlangan (1985). “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan (2000).
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi marhumaning yaqinlariga chuqur taʼziya izhor etadi!