Endilikda, institut xalqaro tuzilma faoliyatida Markaziy Osiyodagi yagona hamkor tashkilot (Liaison Organisation) sifatida ishtirok etadi.
Joriy yilning iyun oyida Germaniyaning Berlin shahrida EURAMETning 19-Bosh Assambleyasida Oʻzbekiston Milliy metrologiya instituti faoliyatining mintaqadagi yetakchi oʻrni hamda xalqaro metrologiya maydonidagi faolligi alohida eʼtirof etilib, hamkor aʼzo sifatidagi ishtiroki toʻliq maʼqullandi.
EURAMET tashkiloti metrologiya sohasidagi ilmiy-tadqiqot dasturlarini amalga oshirishda katta nufuzga ega boʻlib, Yevropaning yagona metrologiya maydonini shakllantiradi. Tashkilot Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining 38 ta milliy metrologiya instituti, shuningdek, 76 ta vakolatli ilmiy markaz va tashkilotlarini birlashtiradi. Bugungi kunda ushbu yoʻnalishda qator vazifalar, xususan, etalonlar boʻyicha xalqaro va mintaqaviy solishtirishlarni tashkil etish, Yevropadagi oʻlchashlarning uygʻunligi va ishonchliligini taʼminlash, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, xalqaro birliklar tizimi (SI) va standartlarning kuzatuvchanligini taʼminlash, yuqori sifatli oʻlchashlar orqali sanoat, ilm-fan va jamiyatni qoʻllab-quvvatlash kabilarni amalga oshirib kelmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti EURAMET doirasida fotometriya va radiometriya yoʻnalishida ikkita solishtirish loyihasida faol ishtirok etmoqda. Endilikda, institut mazkur tuzilmaning rasmiy maydonlari, yigʻilishlari va loyihalarida toʻlaqonli qatnashadi. Qolaversa, ushbu xalqaro tashkilotga qoʻshilish bizga milliy etalonlarni solishtirish loyihalarida toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etish, Yevropa mintaqasida ilmiy-tadqiqot hamda xodimlarning texnik salohiyatini oshirish dasturlarida qatnashish imkonini beradi.
Oʻzbekiston milliy etalonlari Yevropa mamlakatlarining etalonlari bilan rasmiy ravishda taqqoslanadi. Bu SI tizimiga toʻliq kuzatuvchanlikni taʼminlaydi. Ilmiy-texnik hamkorlik doirasida qoʻshma tadqiqotlar va loyihalarda ishtirok etish imkoniyati paydo boʻladi. Kadrlar malakasini oshirishda hamkorlik oʻrnatiladi.
Yuqori aniqlikdagi oʻlchashlar orqali mahalliy ishlab chiqarish sifatini oshirish, eksportbop mahsulotlarni sertifikatlashda xalqaro ishonchga erishish mumkin boʻladi. Oʻzbekistonning metrologiya sohasida xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori oshib, mamlakatimiz EURAMETda butun Markaziy Osiyo nomidan ishtirok etadi.