Oʻzbekiston xalqaro suveren obligatsiyalari London fond birjasida joylashtirildi

    Oʻzbekistonning umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard AQSH dollariga teng boʻlgan navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalari 21-may kuni ilk bor 3 ta valyutada jahon moliya bozorlarida joylashtirildi.

    Joriy yilning 17-may kuni AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlardan 76 nafar investor bilan videokonferensiya (Global Investor Call) hamda 20-21-may kunlari 40 nafar yirik investor bilan yakkama-yakka formatda uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvlarda xalqaro investorlarga Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida olib borilayotgan islohotlar va makroiqtisodiy holat yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.

    Xalqaro investorlar tomonidan dunyoda davom etayotgan murakkab vaziyatga qaramay, Oʻzbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik saqlanayotgani, energiya tariflari, xususiylashtirish va boshqa tarkibiy islohotlarning amaliy jihatdan jadallashgani ijobiy baholandi.

    Muzokaralardan soʻng 21-may kuni 3 ta valyutada, jumladan, AQSH dollarida 7-yillik, yevroda “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ni moliyalashtirish uchun 3-yillik va Oʻzbekiston milliy valyutasi — soʻmda suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirish boʻyicha buyurtmalar qabul qilinishi eʼlon qilindi.

    Qayd etish kerakki, yevrodagi suveren xalqaro obligatsiyalar Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan Oʻzbekiston BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi.

    Mazkur dastur “Mablagʻlarni taqsimlash” va “Loyihalarning Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga taʼsiri” boʻyicha hisobotlarini tayyorlash va eʼlon qilishni ham koʻzda tutadi.