Siz, azizlarni, butun xalqimizni ezgulik, mehr-oqibat va saxovat ayyomi – muqaddas Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu shukuhli onlarda barchamizni mana shunday fayzli va saodatli kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.
Keyingi yillarda shakllangan an’anamizga muvofiq, mamlakatimizda Ramazon oyini munosib o‘tkazish bo‘yicha bu yil ham sizlar bilan, xalqimiz bilan birgalikda ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirdik.
Avvalo, maxsus qaror asosida aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida keyingi 35 yilda birinchi marta 1 trillion so‘m mablag‘ ajratilib, muhtoj va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bemorlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish kabi ezgu ishlarga sarflanganini ta’kidlash lozim. Xususan, 450 milliard so‘m 600 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga moddiy ko‘mak tariqasida yo‘naltirildi. Bundan tashqari, ijtimoiy reyestrdagi davolash rejalashtirilgan 6 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, jumladan og‘ir kasallar operatsiya yo‘li bilan davolanmoqda.
Shuningdek, aholiga 100 ming dona Ramazon sovg‘alari tarqatildi. “Ramazon tuhfasi” loyihasi doirasida esa ehtiyojmand oilalar, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashovchilar hamda xorijdagi vatandoshlarimiz uchun 30 mingdan ortiq iftorlik tadbirlari o‘tkazildi.
Bunday olijanob ishlar muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatiga uyg‘un va hamohang bo‘lib, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarimizning ulkan amaliy natijalari sifatida barchamizni xursand qiladi.
Aziz do‘stlar!
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yanada muhim bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Keng ko‘lamli yangilanish jarayonlari tufayli hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida o‘sish va yuksalish sur’atlari ortib bormoqda. Diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, islom sivilizatsiyasining boy merosini chuqur o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish borasida ham katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, o‘tgan yili Buxoro shahrida tasavvuf ta’limotining yorqin namoyandasi, buyuk avliyo bobomiz Bahouddin Naqshband hazratlari nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganini esga olish o‘rinlidir.
Bu yil esa, mana shu qutlug‘ va muborak kunlarda Toshkent shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilishi xalqimizga o‘ziga xos Ramazon tuhfasi bo‘ldi.
Bu kabi ezgu ishlarimizning davomi sifatida kalom ilmining sultoni Imom Moturidiyning Samarqand shahridagi majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Toshkent shahrida esa yaqin kunlarda Xalqaro bag‘rikenglik va dinlararo muloqot markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yamiz. Ushbu markaz Vatanimizning millatlar va dinlararo muloqot va hamkorlik, tinchlik va do‘stlik diyori sifatidagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Hurmatli yurtdoshlar!
Jahondagi hozirgi g‘oyat murakkab vaziyatda oila va mahallalarda, butun mamlakatimizda osoyishtalik, fayzu baraka muhitini saqlash, yoshlarimizni yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash o‘ta dolzarb vazifamiz bo‘lib qolmoqda.
Biz bu borada katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, jonkuyar aka-uka va opa-singillarimiz, hurmatli ziyoli va ulamolarimizga, mahalla faollari hamda tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz.
Ushbu ulug‘ ayyom kunlarida jahonning turli hududlaridagi urush va nizolar tezroq barham topib, barcha xalqlar tinchlik va barqarorlikda hayot kechirishini tilab qolamiz.
Fursatdan foydalanib, dunyoning olis va yaqin mamlakatlaridagi musulmon birodarlarimizni qutlab, samimiy salom va tilaklarimizni yo‘llaymiz.
Xorijda bayram shukuhi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni ham chin dildan tabriklab, ularning ishlari va o‘qishlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Qadrli va muhtaram yurtdoshlar!
Alloh taoloning rahmati yog‘ilib turgan ushbu qutlug‘ damlarda siz, azizlarni Iyd al-Fitr bayrami bilan yana bir bor muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Ramazon oyida tutgan ro‘zalarimiz, qilgan ezgu amallarimiz qabul bo‘lsin!
Parvardigori olam el-yurtimizni O‘z panohida asrasin!
Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti