Umumiy yutugʻimizdan ruhlanib, bugun yurtimizda xavfsiz turizmni rivojlantirish tamoyillari, yangicha tartib-qoidalar samaradorligi haqida gapirmoqchimiz. Gap shu haqda ketar ekan, avvalo, Oʻzbekiston yaqin-yiroq davlatlar, barcha xalqlar uchun ochiqlik siyosati yoʻliga oʻtgani, inson manfaatlari hamma narsadan ustun etib belgilangani, tinchlik va xavfsizlikni saqlash asosiy maqsadimiz ekanini taʼkidlash oʻrinli. Bugungi islohotlarimiz milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini taʼminlash uchun muhim poydevor boʻldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish, ularga qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish maqsadida Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari, Toshkent shahri ichki ishlar tuzilmalarida xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalari tashkil etildi.

Xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalariga tanlov asosida bir nechta xorijiy tillarda erkin soʻzlasha oladigan, kasbiy jihatdan yetuk hamda yuksak muomala madaniyatiga ega xodimlar jalb qilindi. Ularning asosiy vazifalari sifatida, eng avvalo, turizm obyektlarida jamoat tartibini saqlash, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatar va tahdidlarni bartaraf etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, mahalliy va xorijiy sayyohlarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini, shu jumladan, ularning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini turli jinoiy tajovuzlardan himoya qilish, tezkor va sifatli yordam koʻrsatish belgilangan.

Bundan tashqari, ushbu boʻlinmalar xodimlari mamlakatimizga xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan rasmiy delegatsiya vakillarini kutib olish, tashrif chogʻida ularning xavfsizligini taʼminlash va kuzatish kabi muhim vazifalarni ham bajarib kelmoqda.

Yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish uchun boshqarmalar zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan, alohida belgilar va logotiplar bilan ajralib turuvchi avtobus, yengil xizmat avtomashinalari, patrullik xizmatini olib borish uchun mototsikl, skuter, segvey, planshetlar bilan taʼminlangan. Shuningdek, xodimlarning oʻziga xos imijini yuksaltirish uchun ekipirovka va tashqi koʻrinishiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari uchun dizaynerlar bilan hamkorlikda zamon talablariga mos, tunu kun xizmat olib borish uchun har tomonlama qulay yangi xizmat kiyimi ishlab chiqilib, Toshkent shahri va Toshkent viloyat IIBB hamda Samarqand viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalariga sinov tariqasida tarqatildi. Shu kunlarda aholi va xodimlarning fikrlari oʻrganib chiqilmoqda.

Bugungi kunda xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari faoliyatiga yana-da yangi texnika vositalarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Masalan, Toshkent viloyatining ekoturizm imkoniyatlaridan kelib chiqib, kelgusida gidrotsikl va katerlar xarid qilish nazarda tutilgan.

Xalqchil saʼy-harakatlarimiz yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalariga kuch ishlatar tizim sifatida emas, aksincha, oʻzlarining xavfsizligini kafolatlovchi, hayoti, sogʻligʻi, mol-mulki, shaʼni va qadr-qimmatini turli tajovuzlardan muhofaza qiluvchi, muammoli vaziyatlarda tezkor va sifatli yordam koʻrsatishga doimo tayyor himoyachisi sifatida qaramoqda. Sayyohlarning bu boradagi fikr va mulohazalari ijtimoiy tarmoqlarda ham oʻz aksini topgan.

Har qanday mamlakatning turli yoʻnalishlar boʻyicha erishgan yutuqlari xalqaro reyting agentliklarining tadqiqot natijalari boʻyicha baholanadi. Bu reytinglar keyingi yillarda mamlakatimiz aksariyat sohalarda sezilarli yutuqlarga erishayotganini koʻrsatayotgani ham quvonarlidir.

Tahlillardan maʼlumki, sayyohlar, birinchi navbatda, oʻzlari sayohat qilishni istagan mamlakat goʻzalligiga emas, balki xavfsizlik darajasiga eʼtibor qaratmoqda. Ayniqsa, tahlikali keyingi yillarda bu hol yaqqol namoyon boʻlmoqda. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston ishtirokida oʻtkazilgan reyting natijalari sayyohlarni yurtimizning koʻhna kentlari, goʻzal tabiatiga ohanrabodek chorlamoqda.

Shu oʻrinda ayrim xalqaro tashkilotlarning mavzuga doir oʻtkazgan reyting natijalari tahliliga toʻxtalishni joiz topdik.

“International SOS and Control Risks” xalqaro kompaniyasi ekspertlari 2018-yili oʻtkazgan tadqiqotda Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi ishlash va sayohat qilish boʻyicha eng xavfsiz davlat sifatida qayd etildi. Shu yil boshida AQSH Davlat departamenti tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotda ham mamlakatimiz sayohat qilish uchun eng xavfsiz davlatlar roʻyxatiga kiritildi. AQSHning “Gallup Global” kompaniyasi Global qonun va tartib reytingida Oʻzbekiston 2018-yil natijalari boʻyicha 91 ball bilan sayohat qilish uchun eng xavfsiz boʻlgan davlatlar beshligiga kirdi. Bu reytingda mamlakatimiz bilan birga Singapur, Norvegiya, Islandiya va Finlyandiya yetakchilik qilgan.

Jahon iqtisodiy forumi ekspertlari oʻtkazgan “The travel and Tourism Competitiveness 2019” xalqaro reytingida ham Oʻzbekiston 5-oʻrinni zabt etdi. Shu yili Buyuk Britaniyaning “The Telegraph” nashri Oʻzbekistonni turizm yoʻnalishidagi eng chiroyli va ajoyib joylar TOP-10 roʻyxatiga kiritdi hamda haqiqiy (autentik) turizm yoʻnalishida 1-oʻringa loyiq koʻrdi.

Germaniyaning ommabop boʻlgan “BILD” onlayn nashri tomonidan tuzilgan 2020-yilda eng yaxshi turizm yoʻnalishidagi davlatlar reytingida Oʻzbekiston yana birinchi oʻrinda. Rossiyaning “Oktogo.ru” sayti oʻtkazgan reytingda eng arzon turizm yoʻnalishidagi shaharlar qatorida Toshkent shahri TOP-5 roʻyxatiga kiritildi.

Mamlakatimizda ziyorat turizmi ham jadal rivojlanmoqda. Fikrimizni “Crescent Rating” kompaniyasi tomonidan 2015-yildan buyon yuritiladigan “Global Muslim Travel Index”ning 2019-yilgi natijalariga koʻra, Oʻzbekiston ziyorat turizmi uchun eng qulay boʻlgan davlatlar roʻyxatidan joy olgani misolida ham tasdiqlash mumkin. Avstraliyaning “Lonely Planet” nashri esa Oʻzbekistonni sayohat davomida sarguzashtlarni qidirish uchun eng yaxshi davlatlar reytingida 2-oʻringa loyiq, deb eʼtirof etdi.

Yuqorida faxr bilan aytganimiz, kuni kecha Gallupʼs Amerika jamoatchilik fikrini oʻrganish instituti har yili jahon miqyosida oʻtkazilgan qonun va tartib indeksiga koʻra, 2020-yilda Oʻzbekiston 92 ball bilan Norvegiya, Avstriya, Shveysariya va BAA qatorida xavfsiz mamlakatlar oʻntaligiga kirgani tom maʼnoda birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz samarasi ekanini taʼkidlash, albatta, yoqimli. Shu oʻrinda aytish joizki, ushbu xalqaro institut xavfsiz mamlakatlarni baholashda fuqarolarning mahalliy huquq-tartibot organlari xodimlariga ishonchi, fuqarolarning xavfsizligi taʼminlanganini his qilish darajalari, davlat hududida tunu kun erkin va xavfsiz yurish masalalariga ham eʼtibor qaratadi.

Albatta, biz bu boradagi ishlarni aniq maqsad asosida yoʻlga qoʻyganmiz. Jumladan, xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari shaxsiy tarkibini jamlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunday boʻlinmalarga, eng avvalo, chet tillarni biladigan, malakali va koʻrkam yigit-qizlar ishga qabul qilinyapti.

Yurtimizga xorijdan kelgan sayyohlarning aksariyati ingliz tilida soʻzlasha oladi. MDH mamlakatlaridan kelayotganlar esa, asosan, rus tilida gaplashadi. Shu bois, xodimlar rus va ingliz tillarini mukammal bilishi shart. Ayni paytda kadrlarning til boʻyicha bilimlarini oshirishga qaratilgan tizimli oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazib kelinmoqda. Xodim uchun nafaqat til, balki oʻzi xizmat olib borayotgan hududning tarixi, madaniyatini yaxshi bilishi muhim. Shuningdek, u xorijlik sayyoh bilan erkin suhbatlasha olishi, savollariga batafsil javob berishi lozim.

Xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari xodimlariga qoʻyiladigan talablar, eng avvalo, vatanimizga sodiq, fidoyi, tanlagan kasbini ardoqlaydigan, oldiga qoʻyilgan vazifalarni benuqson bajara oladigan, maʼnaviy yetuk, bilimli, jismonan baquvvat, yuksak madaniyatli, xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirgan, intiluvchan, oʻz taqdirini mamlakat taqdiri bilan bogʻlagan, yordam berishga doimo tayyor xodim boʻlmogʻi lozim. Xavfsiz turizmni taʼminlash konsepsiyasi doirasida boshqarmalar faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Samarqand shahridagi situatsion markazni misol qilib keltiradigan boʻlsak, bu yerdagi zamonaviy texnologiyalarni qoʻshni mamlakatlardan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari ham yuqori baholadi. Situatsion markazni Samarqand shahrining “virtual koʻzi” deyish mumkin. Tezkor aloqani taʼminlash maqsadida Registon maydonida “SOS” videoaloqa tugmasi ishlamoqda. Markazdan turib Samarqand shahridagi turistik namoyish obyektlarida, aholi gavjum boʻlgan joylarda barcha vaziyatni uzoqdan kuzatib borish imkoniyati mavjud.

Bu kabi situatsion markaz Shahrisabz shahridagi ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi maʼmuriy binosida ham tashkil etilgan. Bugungi kunda Xorazm va Toshkent viloyatlari IIB XTTBlarining maʼmuriy binolarida ham bunday markazlarni tashkil etish boʻyicha jadal ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi sabab dunyo miqyosida chet ellik sayyohlar oqimi kamaygan boʻlsada, mahalliy turizmni rivojlantirish, xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarga yana-da xavfsiz va qulay sharoitlar yaratish, ularda mamlakatimiz haqida ijobiy fikrlar uygʻotish ustida zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari sayyohlarga doimiy ravishda xizmat koʻrsatish, ularga yordam berishga shay. Tizim xodimlari Oʻzbekistonga keladigan sayyohlarning mamlakatimiz haqida goʻzal xotiralar bilan qaytishiga barcha imkoniyat va salohiyatini safarbar etishda davom etadi.

Sarvarbek USMANOV,

Ichki ishlar vazirligi Xavfsiz turizmni taʼminlashni

muvofiqlashtirish boshqarmasi masʼul xodimi