Ushbu forum ilk bor 2012-yilda Kishinev shahrida (Moldova), 2015-yil Minsk (Belarus)da, uchinchi bor 2018-yil Erevan shahrida (Armaniston) o'tkazilgan bo'lsa, bu galgi forumga O'zbekiston mezbonlik qilmoqda.

Forumda Armaniston, estoniya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Gruziya, Ukraina, Rossiya, Moldova, Belarus, Tojikiston, Ozarbayjon kabi davlatlardan tashrif buyurgan qatnashchilar ekspertlar kengashi tomonidan tanlab olingan spektakli bilan ishtirok etadi.

Har bir sahna asarini turli davlatlardan yig'ilgan Hay'at a'zolari baholab boradi.

Shuningdek, forum doirasida “Ta'lim dasturi” amalga oshiriladi. Unda yosh teatr ijodkorlariga o'z kasbiy tajribalari bilan o'rtoqlashish imkoni beriladi.

Shu bilan birga, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti teatr yo'nalishi talabalariga mahorat darslari, seminar-treninglar o'tkaziladi. Forum ishtirokchilari “Ta'lim dasturi” laboratoriyasida malakali rejissyor, aktyor hamda teatr tanqidchilaridan mahorat darslarini olib, forum davomida yagona spektakl ustida ijod qilishadi. Forum yakunida esa mazkur spektakl tomoshabinlar e'tiboriga havola etiladi, deb xabar bermoqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati.