Daryolarning boʻyidan daryo boʻlib toshganim,
Vatan bogʻin asray deb, togʻlardan ham oshganim,
Oyning toʻlishin kutib, saharlarda shoshganim,
Niyati xush, xushkelbat - Oʻzbekiston yigiti!
Orzulari havoda bayroqday hilpiragan,
Ajdodlari dushmanning koʻksiga tiz tiragan,
Yer sharini quchoqlab, unga tinchlik tilagan,
Qahramon xalq bolasi - Oʻzbekiston yigiti!
Samolarga boqqanda koʻzidan yulduz sachrar,
Yer osti boyligimiz, yer ustida yaraqlar,
Biz yashagan makonni dunyo xavfsiz deb sharhlar,
Bu yurtni qoʻriqlagan - Oʻzbekiston yigiti!
Tili chiqqan bolaga oʻrgating istiqlolni,
U bir kuni millatga koʻrsatar istiqbolni,
Bolalarning koʻzida koʻrgan chogʻim iqbolni,
Koʻzlarimda ulgʻayar - Oʻzbekiston yigiti!
Biz azaldan, qadimiy hur yashagan millatmiz,
Hurlik, ozodlik uchun yoʻl boshlagan millatmiz,
Yiqilganni suyashga qoʻl tashlagan millatmiz,
Ajdodlarga munosib - Oʻzbekiston yigiti!
Bugun ham, ertaga ham, asrang ona tuproqni,
Vatan sira kechirmas, xoin, qalbi quroqni,
Dushmanga yoʻl bermagan, eslang botir Shiroqni,
Koʻksi imonga toʻla - Oʻzbekiston yigiti!
Qahratonda qon kechib, sarhadin poylaganim,
Saraton yoz ichida qishini yozlaganim,
Koʻklam lolazor ichra qalbin chiroylaganim,
Toʻrt faslning egasi - Oʻzbekiston yigiti!
Oʻzbekning botirlari ertak qadim zamondan,
Qarang, shu nafas qarang, kelar toʻrtta tomondan,
Ular borki, umid bor, xabar omon-omondan,
Sarhadlarda turganlar - Oʻzbekiston yigiti!
Keksalarning duosin olgan oʻsha mardlarim,
Dunyoga boʻy koʻrsatgan, tinchlik uchun shartlarim,
Yoʻlbarsim, burgutlarim, yuvar koʻngil dardlarin,
Alpomishsifat koʻrkam - Oʻzbekiston yigiti!
Koʻz qarogʻiday asrang ona Oʻzbekistonni,
Koʻkda uching, qush boʻling, yeching turfa chistonni,
Togʻ-tosh, qumli sahroda asrang jon gulistonni,
Jonday aziz, hushyorim - Oʻzbekiston yigiti!
Dilbar HAYDAROVA,
Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.