Navro'z ayyomi arafasida obodlik uchun tashabbus ko'rsatib, hasharlar tashkil etish xalqimizga xos ezgu an'analardan sanaladi. Ushbu xayrli ishdan chetda qolmayotgan O'zbekiston yoshlar ittifoqi ham bir guruh yosh yigit-qizlar tashabbusini qo'llab-quvvatlagan holda, “Obodlik — salomatligimiz asosi, o'tganlar yodiga ehtiromimizdir ” shiori ostida 14-martdan 14-aprelgacha respublika bo'ylab o'tkaziladigan ijtimoiy aksiya haqida internet tarmoqlari orqali e'lon qildi.

Bu gal ham bir oy davomida ko'ngilli yoshlar jamoa bo'lib, pandemiya sabab qarovsiz qolgan qabristonlar, o'zlari yashab turgan hududlardagi qadamjolar, mahalla va qishloqlar, ta'lim muassasalarini hashar yo'li bilan obodonlashtiradi.

E'tiborlisi, aksiya doirasida #yoshlar_obodlik_sari xeshtegi ostida ijtimoiy tarmoqlarda jamoalar tomonidan e'lon qilingan eng sara foto va video mahsulotlar “Obod mahallam”, “Obod qishlog'im”, “Obod maktabim” va “Bizning ziyoratgoh” nominatsiyalari bo'yicha taqdirlanadi.

O'zbekiston yoshlar ittifoqi barcha yoshlarni ijtimoiy aksiyada faol  ishtirok etishga chaqiradi.