Tadbirda mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi xodimlari, Yoshlar umumjahon assotsiatsiyasi vakillari va Tejong shahridagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida soʻz yuritildi.
Ishtirokchilarga Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi faoliyati va vazifalari haqida tushuncha berildi. Assotsiatsiya vakillari ushbu NNTni tashkil etishdan maqsad xorijiy mamlakatlarda taʼlim olayotgan va vaqtincha mehnat qilayotgan oʻzbekistonlik yoshlarni qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni oʻz yoʻnalishlari boʻyicha yurtimizda faoliyat boshlashiga koʻmaklashish, chet elda mehnat qilayotgan yoshlarimizni oʻsha davlatning ichki qonun qoidalari va tartiblari bilan tanishtirish, ularga amaliy yordam koʻrsatish singari vazifalardan iborat ekanini aytib oʻtdi.
Uchrashuvda Vuson universitetining iqtidorli talabalaridan biri Javohir Samijonov Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasining Tejong shahridagi koordinatori etib tayinlandi.
Tadbirda, shuningdek, joriy yilda mamlakatimizda oʻtkazilishi rejalashtirilgan muhim siyosiy tadbirlarga tayyorgarlik jarayoni va unda chet ellardagi fuqarolarimizning ishtiroki uchun yaratiladigan sharoitlar, haqida maʼlumot berildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.