Oʻzbekiston Zamonaviy beshkurash federatsiyasi Xidaka shahri meriyasi bilan hamkorlik qiladi

    Sport 20 Yanvar 2021 1033

    Kecha, yaʼni 19-yanvar kuni Oʻzbekiston Zamonaviy beshkurash federatsiyasi hamda Yaponiyaning Xidaka shahri meriyasi oʻrtasida Tokio-2020 almashinuv dasturi toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimi onlayn tarzda boʻlib oʻtdi.

    Imzolangan kelishuvga binoan, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari yakunida sportchilar, murabbiylar va boshqaruv xodimlaridan iborat Oʻzbekiston Zamonaviy beshkurash federatsiyasining rasmiy delegatsiyasi 3 kun davomida Xidako shahriga boradi va turli sport va madaniy tadbirlarda ishtirok etadi. Ushbu almashinuv dasturi boʻyicha barcha xarajatlar mezbon, yaʼni Xidaka meriyasi tomonidan qoplanadi.

    “Bizning Xidaka shahri bilan muzokaralarimiz 2019-yilning dekabr oyida boshlangan edi. Pandemiya toʻsatdan boshlangani sababli muzokaralarimiz toʻxtab qolgandi. Baxtimizga Yaponiya Vazirlar Mahkamasining Tokio-2020 oʻtkazilishiga masʼul vakillari bir necha oy oldin boshlangan muzokaralarni davom ettirish tashabbusi bilan chiqishdi.

    Bugun biz har ikki tomonning saʼy-harakatlari bilan Tokio-2020 almashinuv dasturi toʻgʻrisidagi Bitimni imzolaganimizni mamnuniyat bilan eʼlon qilamiz. Bu yil Tokio Olimpiadasi paytida qatʼiy karantin cheklovlari qoʻyilgan holda Yaponiya urf-odatlari va madaniyatiga bagʻishlangan Almashish dasturi ayniqsa dolzarbdir”, - dedi Oʻzbekiston Zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev.

    Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

    Matbuot xizmati