Demokratik va adolatli saylovlar demokratiyaning eng muhim va zarur sharti hisoblanadi. So’ngi yillarda yurtimizda milliy saylov qonunchiligimiz umume’tirof etilgan xalqaro prinsip va normalarga to‘la mos holda huquqiy jihatdan yanada rivojlantirildi, saylovchilarning va saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqiy kafolatlari kuchaytirildi hamda saylov va referendum o‘tkazishning ochiqligi, shaffofligining huquqiy asoslari mustahkamlandi. 2023-yil 18-dekabr kuni Prezidentimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun parlament hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatida siyosiy partiyalarning rolini yanada kengaytirishga qaratilgani barchamiz uchun ahamiyatli bo‘ldi. Endilikda, qonunchiligimizga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga muvofiq Qonunchilik palatasi saylovi aralash majoritar, proporsional saylov tizimi asosida amalga oshiriladi.
Aralash saylov tizimi - hokimiyat vakillik organlarini shakllantirish tizimi bo‘lib, unda deputatlarning bir qismi bir mandatli majoritar saylov okruglari bo‘yicha shaxsiy asosda, ikkinchi qismi esa mutanosib vakillik prinsipi bo‘yicha partiyaviylik asosida saylanadi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda saylov kampaniyasini majoritar saylov tizimidan foydalangan holda o‘tkazish bo‘yicha tajribamiz bor, chunki bunday tizimda Qonunchilik palatasi deputatlari hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida saylanadi. Shuningdek, Saylov kodeksiga quyidagicha o’zgartirishlar kiritildi, bundan buyon Qonunchilik palatasi deputatlarining 50 foizi, yaʼni 75 nafari odatdagidek mojaritar saylov tizimiga muvofiq bir mandatli saylov okruglaridan saylanishi, qolgan 50 foizi, yaʼni 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida yagona saylov okrugida partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar roʻyxati (partiya roʻyxati) boʻyicha saylanishi nazarda tutildi. Shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining o‘ttiz foizidan qirq foiziga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Ayni paytda, bir mandatli saylov okruglari va mahalliy Kengashlar bo‘yicha Qonunchilik palatasiga deputatlikka saylanish uchun endilikda nomzod eng ko‘p ovoz to‘plashi kerak. Ushbu yangi tartib takroriy ovoz berishdan saqlaydi. Saylov kodeksining 9-moddasida – Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun yetmish beshta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuzilishi, siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanishi, bir mandatli saylov okrugidan Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtadigan saylovda saylov okruglarining har biridan bitta deputat saylanishi belgilandi. Shu bilan bir qatorda, saylov komissiyalarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarishlar ham joriy etildi. Jumladan, Markaziy saylov komissiyasi to‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda saylanishi, Markaziy saylov komissiyasining Raisi besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining Raisi etib saylanishi mumkin emasligi qat’iy belgilandi. Qolaversa, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud olib tashlanmagan fuqarolarning viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga tayinlanishini taqiqlash nazarda tutildi.
Saylov kodeksining 96-moddasiga kiritilgan yangiliklarga ko‘ra, Qonunchilik palatasiga saylovda yagona saylov okrugi boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz va undan ortiq ovozini olgan siyosiy partiyalar belgilangan tartibda mandatga ega boʻladi. Agarda, siyosiy partiya ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini toʻplay olmasa, yagona saylov okrugi boʻyicha yoki proporsional saylov tizimi boʻyicha ushbu siyosiy partiyaga Qonunchilik palatasidagi deputatlik oʻrinlari taqsimlanmaydi.
Aytish joizki, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylov byulletenining matni o‘zgarishsiz qoldi. Ya’ni, saylov byulleteniga nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi alifbo tartibida, tug‘ilgan yili va uni nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda kiritiladi. Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bo‘yicha saylov byulleteniga kelsak, ularda ishtirok etuvchi siyosiy partiyalarning nomi va ramzlari saylov byulletenining matniga ular o‘tkazilgan tartibiga muvofiq ketma-ket kiritiladi. Ushbu normadan koʻrinib turibdiki, proporsional saylov tizimining joriy etilishi, siyosiy partiyalarning saylovchilar oldidagi masʼuliyatini kamida ikki hissa orttiradi. Yaʼni, birinchidan, har bir siyosiy partiya mamlakat butun hududi boʻylab tuziladigan Qonunchilik palatasining yetmish beshta bir mandatli okruglari boʻyicha mojaritar saylov tizimi boʻyicha oʻtkaziladigan saylovlarda imkon qadar koʻproq deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritish uchun raqobatga kirishadi. Bunday ishtirok etish siyosiy partiyalarga o‘z nomzodlari orqali butun saylov kampaniyasi davomida o‘z partiyasining asosiy mafkurasini saylovchilarga yetkazish imkonini beradi. Saylovlar partiyalararo raqobatni kuchaytiradi va uni saylov qonunchiligida amalga oshirilayotgan huquqiy maydonga kiritadi. Aynan partiya ro‘yxatining shakllantirilishi va ushbu ro‘yxatning Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinishi siyosiy partiyaning partiyalararo raqobatga faol kirishishiga zamin yaratadi. Ikkinchidan, proporsional tizim boʻyicha oʻtkaziladigan saylovda Qonunchilik palatasining qolgan yetmish beshta deputatlik oʻrni uchun ham raqobatga kirishadilar. Bunda saylovchilar bevosita nomzodga emas, balki deputatlikka nomzodlarning roʻyxatini taqdim etgan siyosiy partiyaga ovoz beradi. Yuqorida qayd etilganidek, oʻz navbatida ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilarning yetti foizi va undan koʻproq ovozni toʻplagan siyosiy partiyalar, oʻzlari toʻplagan ovozlar foiziga mutanosib ravishda deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritadilar.
Proporsional saylov tizimi asosida oʻtkaziladigan saylovda siyosiy partiya Parlamentda deputatlik oʻrnini qoʻlga kiritishi uchun yetti foizlik toʻsiq yoki baryerning belgilanishi, xorijiy davlatlar amaliyotida samarali qoʻllanib kelinayotgan boʻlib, bunday tizimdagi saylovda imkon qadar koʻproq deputatlik oʻrinlarini egallashga harakat qilayotgan siyosiy partiya aholi bilan munosabatlarini taʼsirchan va natijador boʻlishiga harakat qilishi lozim. Partiya oʻz dasturi orqali xalqni ishontira olsagina muayyan ovozga ega boʻladi. Bu esa Qonunchilik palatasini shakllantirishning yangi zamonaviy tizimini yaratadi hamda jamiyatimizda siyosiy plyuralizm rivojlanishi taʼminlaydi.
Davlat va jamiyat boshqaruvini demokratlashtirish jarayoni siyosiy partiyalarning nafaqat ijtimoiy-siyosiy islohotlarni amalga oshirishda, balki eng avvalo saylov kampaniyasida ishtirok etishini ham nazarda tutadi. Chunki siyosiy partiya faqat davlat tomonidan o‘tkaziladigan demokratik saylovlarda qatnashish orqali jamiyatning ma’lum bir qismining siyosiy irodasini davlat organlarini shakllantirishda amalga oshirishga, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda o‘z vakillari orqali ishtirok etishga qodir. Xorijiy davlatlar saylov qonunchiligi va amaliyotiga eʼtibor qaratilsa, Armaniston, Xorvatiya, Gruziya, Vengriya va Litva aralash tizimlardan foydalanishini ta'kidlash mumkin. Lotin Amerikasida Boliviya va Venesuelada aralash tizim qabul qilingan. Yangi demokratik davlatlar bilan bir qatorda, Italiya, Yaponiya va Yangi Zelandiya kabi o'rnatilgan demokratik davlatlar saylov tizimlarini aralash tizimlar foydasiga o'zgartirmoqda. Saylovlarning partiyaviy xususiyatini individual vakillik tamoyilini saqlash bilan uyg‘unlashtirish imkoniyati tufayli aralash saylov tizimi saylovchilarning xohish-irodasini to‘liqroq aks ettiradi. Saylov jarayonida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeks va Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga koʼra javobgarlikki tortiladi.
Har qanday demokratik davlatda kuzatilganidek, saylovoldi tashviqoti va saylovgacha boʼlgan barcha jarayonlar, shuningdek, saylov natijalariga nisbatan muayyan eʼtirozlar yuzaga kelishi tabiiy jarayon hisoblanadi. Bunday eʼtirozli holatlar qonun doirasida hal etiladi. Mamlakatimizda saylov qonunchiligi buzilishi yuzasidan murojaatlarni koʼrib chiqish tartibi va saylov toʼgʼrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun muayyan javobgarlik koʼzda tutilgan. Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksining 512-519 – moddalarida saylov va referendumni tashkil etish hamda oʼtkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari oʼz aksini topgan. Masalan, jinoyat kodeksning 512-moddasiga asosan Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum oʼtkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, xuddi shuningdek ularning ishiga toʼsiqlarni yuzaga keltirish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʼn baravaridan oʼn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʼladi. Jinoyat кodeksning 513-moddasiga muvofiq esa Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum oʼtkazuvchi komissiyalarning qarorlarini ijro etmaslik, ushbu komissiyalarning murojaatlarini koʼrib chiqishni gʼayrihuquqiy ravishda rad etish yoki koʼrib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima bilan jazolanadi.
Yana bir huquqbuzarlik – nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzganlik uchun kodeksning 514-moddasida maʼmuriy javobgarlik choralari qayd etilgan. Yaʼni bunday holat mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʼn baravarigacha miqdordagi jarima jazosini yuzaga keltiradi. Shuningdek, jinoyat kodeksning 514-519 – moddalariga koʼra, saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibini nomzod, ishonchli vakil, siyosiy partiya vakili, mansabdor shaxs tomonidan buzish, saylov natijalariga taʼsir koʼrsatish maqsadida nomzod, siyosiy partiya toʼgʼrisida ataylab yolgʼon maʼlumotlarni eʼlon qilish yoki boshqa usullar orqali tarqatish, ayni jarayonda axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yoʼq qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish, binolarga, inshootlarga yoki boshqa joylarga joylashtirilgan axborot, tashviqot materiallarini saylovga yoki referendumga tayyorgarlik koʼrish va saylov yoki referendum oʼtkazish jarayonida qasddan yoʼq qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish, saylovni moliyalashtirish tartibini buzish hamda jamoatchilik fikri soʼrovlari natijalarini, saylov yoki referendum natijalari taxminlarini, shuningdek saylov yoki referendum bilan bogʼliq boshqa tadqiqotlarni chop etish (eʼlon qilish) tartibini buzish uchun maʼmuriy jarima jazolari qoʼllaniladi.
Jinoyat kodeksining 146-moddasida saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni oʼtkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organlarining vakillari, tashabbuskor guruhlar yoki saylov yoxud referendum komissiyalari aʼzolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab notoʼgʼri hisoblash uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Unga koʼra, bunday qilmish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Jinoyat Kodeksning 147-moddasiga asosan esa fuqarolarning deputat yoki Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentini saylash yoki saylanish, saylovoldi targʼiboti olib borish huquqlarini buzganlik, deputatlikka yoki Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod shaxsning ishonchli vakillari oʼz vakolatlarini erkin amalga oshirishlariga, shuningdek fuqarolarning referendumda erkin ishtirok etishlariga zoʼrlik ishlatish, qoʼrqitish, aldash yoki ogʼdirib olish yoʼli bilan toʼsqinlik qilganlik uchun toʼrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Hulosa shuki, aralash saylov tizimning asosiy maqsadi saylov tizimlarining afzalliklarini birlashtirish va ularning kamchiliklarini bartaraf etish hisoblanadi. Proporsional saylov tizimining afzalliklari qatorida demokratik an’analar o‘rnatilgan mamlakatlarda fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri bo‘lgan siyosiy partiyalar rivojlanishini rag‘batlantirish ham bor. Majoritar saylov tizimi proporsionaldan farqli o‘laroq, siyosiy partiyalarga saylov jarayonida faol ishtirok etish imkoniyatini beradi. Xulosa qilib aytganda, Aralash saylov tizimi siyosiy partiyalarning saylovda faolligini oshirishga, ularning parlamentni shakllantirishda bevosita ishtirok etishida, ayniqsa siyosiy partiyalarning saylovchilar oldidagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi deb umid qilamiz.Shuningdek, deputatlikka nomzodlar va saylovchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan mexanizmlarning joriy etilishi manipulyatsiya va qalbakilashtirish darajasini pasaytirishga xizmat qiladi.
Tulaganova Gulchexra Zahitovna – Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori,
Sevaraxon Qodirova - Toshkent davlat yuridik universiteting 4-kurs talabasi