Joriy yilningg 28-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Senati Kengashi majlisida Reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini oʻrganish masalasi muhokama qilindi.

Senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etgan mazkur majlisni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Unda onalik va bolalikning muhofazasi, reproduktiv yoshdagi ayollar va bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam holati, sohadagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish borasidagi takliflar koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, ayollar va bolalarga malakali, ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha respublikaning barcha hududlarida 17,5 mln nafardan ortiq ayollardan 9,1 mln nafar tugʻish yoshidagi ayollarga 227 ta tugʻruq muassasalari, 11,3 mln nafardan ziyod 18 yoshgacha boʻlgan bolalarga esa (umumiy aholi sonining 32,0 foizi) 238 ta bolalar davolash-profilaktika muassasalari xizmat koʻrsatmoqda.

Tugʻish yoshidagi ayollarni tibbiy koʻriklardan oʻtkazish boʻyicha tasdiqlangan reja-jadval asosida 2022-yilning 8 oyi davomida 9,1 mln nafar tugʻish yoshidagi ayollarning 6,7 mln nafari (74,1 foizi) tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan, ulardan 2,9 mln nafarida (42,9 foizi) ekstragenital kasalliklar aniqlangan.

2,2 mln nafar ayol (75,9 %) sogʻlomlashtirilgan, jumladan, 2 mln ayol (90,4 %) ambulator va 200 ming ayol (9,3 %) statsionar sharoitda sogʻlomlashtirilgan.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan birgalikda Senatning birlamchi oʻrganishlari davomida aniqlangan kamchiliklariga ham eʼtibor qaratildi.

Jumladan, 2021-yilda goʻdaklar oʻlimi 7 214 tani tashkil etgan boʻlib, 2020-yilga nisbatan 160 taga (7054/7214) oshgan.

Bundan tashqari, hududlarda 2018-2022-yillarda bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi ijrosi boʻyicha qator kamchiliklar mavjud ekanligi qayd etildi.

Shuningdek, homilador, tugʻuvchi, tuqqan ayollar va yangi tugʻilgan chaqaloqlarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxshilash maqsadida respublikadagi tugʻruqqa yordam beruvchi muassasalarning moddiy-texnika bazasini xalqaro standartlarga muvofiq mustahkamlash va zarur dori vositalari bilan taʼminlash masalasi toʻliq bajarilmagan.

Majlis davomida soha mutaxassislarining ushbu yoʻnalishda mavjud muammolar va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflari eshitildi.

Bildirilgan fikrlardan soʻng bu borada chuqur, tizimli, kerak boʻlsa, tanqidiy oʻrganish va tahlil zarurligidan kelib chiqib, Oliy Majlis Senati Kengashining Onalik va bolalikni muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni saqlash uchun profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish holatini oʻrganish boʻyicha

Ishchi guruh tuzish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi. Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi boshchiligidagi mazkur ishchi guruh tarkibiga Vazirlar Mahkamasi, mutasaddi vazirlik, idora va muassasalar vakillari kiritildi.

Ishchi guruh bir oy muddatda mazkur yoʻnalishda hududlardagi haqiqiy holat boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazib, 1-noyabrga qadar Senat Kengashiga aniq taklif kiritishi belgilandi.

Muhokamalar yakunida tugʻruq muassasalarida onalar va goʻdaklar oʻlimini kamaytirish, tugʻruq yoshidagi ayollar tibbiy koʻrigini sifatli tashkil etish, byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishini nazorat qilish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.