Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olar ekan, Elchini lavozimga kirishgani bilan tabrikladi va uning masʼuliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Muloqot avvalida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Qatar tomonini futbol boʻyicha Jahon chempionati muvaffaqiyatli oʻtgani bilan tabrikladi.

Oʻzbekiston-Qatar munosabatlarining siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston va Qatar koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun salmoqli salohiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Tomonlar ikki tomonlama siyosiy muloqot faollashganini qayd etib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlikni sezilarli darajada oshirish tarafdorligini bildirdi.

Parlamentlararo muloqotni kuchaytirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Madaniy-gumanitar va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Boʻlajak turli darajadagi qoʻshma tadbirlar jadvali boʻyicha soʻz yuritildi.

Uchrashuvda ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

— Qatarning yangi Elchisi Hasan Hamza Hoshimdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildim. Ikki va koʻp tomonlama shakllarda Oʻzbekiston-Qatar munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qildik. Elchini lavozimga kirishishi bilan tabriklayman va professional faoliyatida muvaffaqiyatlar tilayman. Qatarning mamlakatimizda Elchixonasi ochilishini esa oqishlaymiz. Ishonchim komilki, Qatar diplomatik missiyasining 2023-yildan boshlab faoliyat yuritishi ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi, deb yozadi vazir oʻzining feysbukdagi sahifasida.