1-2 yanvarda Oʻzbekiston boʻyicha quruq ob-havo boʻlishi kutilmoqda. 3 yanvarda respublika hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo massalari kirib keladi, respublika boʻyicha yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda qorga aylanadi. Markaziy va janubi-sharqiy hududlarda 4 yanvar kuni kechasi va ertalab yogʻingarchilik boʻlishi saqlanib turadi.

Keyinchalik birinchi oʻn kunlik oxirigacha respublika hududi boʻyicha yogʻingarchilik kuzatilishi ehtimoli kam.

Havo harorati asosan kechalari -2 daraja sovuq — +3 daraja iliq atrofida, baʼzi joylarda -5 daraja sovuqqacha boʻladi, kunduz kunlari +8...+13 daraja iliqdan 0...+5 daraja iliqqacha oʻzgarib turadi.

Ikkinchi oʻn kunlikda harorat kechalari +1...+6 daraja iliqdan -1...-6 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari +10...+15 daraja iliqdan -2 daraja sovuq — +3 daraja iliqqacha oʻzgarib turadi. Respublika shimolida harorat kechalari -3 daraja sovuq — +2 daraja iliqdan -5...-10 daraja sovuqqacha, baʼzi joylarda -13...-15 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari +2...+7 daraja iliqdan -3...-8 daraja sovuqqacha oʻzgarib turadi.

Uchinchi oʻn kunlikda sovuq toʻlqinlar kirib kelishi hisobiga harorat kechalari -7...-12 daraja sovuqqacha, ayrim joylarda -15...-17 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari -3...-8 daraja sovuqqacha; respublika shimolida kechalari -15...-20 daraja sovuqqacha, baʼzi joylarda -22...-25 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari -5...-10 daraja sovuqqacha, baʼzi joylarda -13...-15 daraja sovuqqacha pasayishi mumkin.