O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vaziri Jamshid Xodjayev Toshkentda Ummonning “Atyab Foodtech” kompaniyasi bosh menejeri Moxib Axmad Xon bilan qiymati 4 million dollar bo'lgan investitsion loyihani amalga oshirish bo'yicha uchrashuv o'tkazdi. Bu haqida Qishloq xo'jaligi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Unda mamlakatimizda barpo etilayotgan Agrar sohada bilimlar va innovatsiyalar milliy AKIS markazi respublika tarmog'i negizida “Agro-oziq-ovqat texnologiyalari markazlari”ni yaratish masalasi xususida so'z bordi.  Loyiha 2020-yil 3-noyabr kuni vazirlik va Ummonning mazkur kompaniyasi o'rtasida imzolangan Memorandum doirasida amalga oshirilmoqda.

Tadbirda ta'kidlanishicha, “Agro-oziq-ovqat texnologiyalari markazlari”ning vazifalari qatoriga qishloq xo'jaligiga oid oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, eksport va import qilishda sifat va xavfsizlik standartlariga amal qilinishi borasida O'zbekistonda zamonaviy uskunalar yordamida laboratoriya tadqiqotlarini amalga oshirish kabilar kiradi. Markazlar bevosita "ISO", "HACCP", "FSSC", "Global GAP", “Halol” xalqaro standartlariga muvofiq sertifikatlash ishlarini olib boradi. Shuningdek, mahalliy qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarida oziq-ovqat xavfsizligi talablari va QHSE standartlariga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish bo'yicha maslahatlar olish imkoniyati paydo bo'ladi.

Ushbu markazlarning xalqaro miqyosda akkreditatsiyadan o'tgan laboratoriyalari (ILAC, IAF) qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari gigienasi va boshqa bir nechta yo'nalishlar bo'yicha ishlaydi.

Markazlar negizida AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Turkiya, Hindiston, shuningdek Yaqin Sharq mamlakatlaridan kelgan tajribali mutaxassislar jamoasi tomonidan treninglar o'tkazilishi, shuningdek agrosanoat majmui va oziq-ovqat sanoati sohasida yangi loyihalarni ishlab chiqishda fermerlarga ko'mak ko'rsatish ko'zda tutilgan.

Ma'lumot uchun, “Atyab Foodtech” “Oman Flour Mills Company” (SAOG) kompaniyasining asosiy investitsion bo'limi hisoblanadi va u gigienik jihatdan toza balanslashtirilgan yeguliklarga ega bo'lish, oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli qayta ishlash uchun yangi texnologiyalar ishlab chiqish, xalq iste'mol mollarini xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash singari masalalar borasida ko'mak ko'rsatadi.