O‘zbekistonda aholi punktlariga kirib qolgan yovvoyi hayvonlarni qutqarish va jonsizlantirish tartibi ishlab chiqildi

    Oʻzbekistonda “Yovvoyi hayvonlarni tabiiy yashash muhitidan oʻzga muhitga tushib qolganda himoya qilish, qutqarish va jonsizlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhomamasi uchun eʻlon qilindi.

    Qayd etilishicha, soʻnggi vaqtlarda yovvoyi hayvonlarning aholi punktlari va boshqa hududlarga turli sabablar bilan kelib qolish holatlari kuzatilmoqda. Buning oqibatida yovvoyi hayvonlar tomonidan fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga hamda mol-mulkiga, yovvoyi hayvonlarning hayotiga ham zarar yetkazilishi xavfi ortib, ularning oʻlimiga sabab boʻlmoqda.

    Xususan, 2024-yil 15-may kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Jannatmakon” MFY hududiga kelib qolgan ayiq IIB xodimiga jarohat yetkazgani, maktabga kirib, oʻquvchilar hayotiga xavf solgani uchun otib oʻldirilgandi.

    Bu kabi holatlarning tahlili, yovvoyi hayvonlar tabiiy yashash muhitidan oʻzga muhitiga tushib qolganda, aholi punktlariga kirib qolganda ularni himoya qilish va qutqarish, veterinariya yordami koʻrsatish hamda yovvoyi hayvonlardan fuqarolarning sogʻligʻi va mol-mulkiga zarar yetkazilishining oldini olish borasida davlat organlari xodimlarining harakatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, bu kabi holatlarda fuqarolarning oʻzlarini qanday tutishlari bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqilishini toqazo etdi.

    Hujjat loyihasini tayyorlash jarayonida turli mamlakatlarning bu boradagi amaliyoti va tajribasi oʻrganilganda qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonda bu kabi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagani aniqlandi.

    Qaror loyihasiga koʻra, yovvoyi hayvonni tutish paytida uni immobilizatsiya qilish faqat yovvoyi hayvonni boshqa yoʻl va usullar bilan tutib boʻlmaydigan hollarda, uning hayotiga xavf tugʻdirmaydigan va jarohat yetkazmagan holda amalga oshirishga yoʻl qoʻyilishi belgilanmoqda.

    Yovvoyi hayvonni immobilizatsiya qilish immobilizatsiya qilish quroli va moslamalari hamda veterinariya dori vositalarini qoʻllagan holda tegishli Davlat veterinariya xizmati hududiy boʻlinmalari veterinariya mutaxassisi yoki jalb etilgan ovchilar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

    Yovvoyi hayvonni jonsizlantirish hayot uchun mos kelmaydigan ogʻir jarohatlari oqibatida yashab ketishga qodir boʻlmagan yovvoyi hayvonning basharti jismoniy azoblanishini boshqa usulda toʻxtatish mumkin boʻlmasa, jismoniy azob chekishini toʻxtatish, yovvoyi hayvon quturgani aniqlanganda hamda odamlar yoki hayvonlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf solayotganda veterinariya va veterinariya-sanitariya ekspertizasi xulosasiga asosan insoniylik tamoyillari asosida jalb etilgan ovchilar tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

    Qaror loyihasi bilan, shuningdek, yovvoyi hayvonlar tabiiy yashash muhitidan oʻzga muhitga tushib qolganda ularni himoya qilish, qutqarish va jonsizlantirish boʻyicha ishlarni tashkil qilishda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hududiy organlari, Ichki ishlar organlari, Favqulodda vaziyatlar organlari, Davlat veterinariya xizmati hududiy boʻlinmalari hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmatining asosiy vazifalari belgilanmoqda.

    Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.