Markaziy bank tahliliga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda kreditlash faolligi barqaror o‘sgan.
Yil davomida milliy valyutada ajratilgan kreditlar 276,4 trillion so‘mga yetgan (2024-yilda — 193,3 trillion so‘m). Shundan 156,8 trillion so‘mi jismoniy shaxslarga, 108,8 trillion so‘mi korxonalarga berilgan. So‘mdagi foizli qarzlar umumiy portfel o‘sishining asosiy manbasi bo‘lgan.
“2025-yilda yakka tartibdagi tadbirkorlarga — 10,8 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratildi”, deyiladi Markaziy bank tahlilida.
O‘tgan yilda chet el valyutasida berilgan kreditlar so‘m ekvivalentida 113,6 trillion so‘mni tashkil etgan (2024-yilda — 94 trillion so‘m). Xorijiy kreditlarning asosiy ulushi, ya’ni 113,1 trillion so‘mi korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan 441,5 mlrd so‘mni yakka tartibdagi tadbirkorlar olgan.
“2024–2025-yillarda ajratilgan kreditlar tarkibida milliy valyutada moliyalashtirish ulushi oshgan, yuridik shaxslarning chet el valyutasidagi kreditlarga talabi saqlanib qolgan”, deya qayd etgan regulyator.
Avvalroq Markaziy bank 2025-yilda so‘mning dollarga nisbatan almashuv kursi 6,9 foizga mustahkamlanganini ma’lum qilgan. Bu iqtisodiyotda so‘mga bo‘lgan ishonchni oshirgan muhim omil ekani bildirilgan.