Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan “Yashil hudud” milliy tashabbusi eʼtirof etildi

    BMTning Choʼllanishga qarshi kurashish Konventsiyasi (SOR-15) ochilish marosimida Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan “Yashil hudud” milliy tashabbusi eʼtirof etildi.

    Oʼrmon xoʼjaligi davlat qoʼmitasi delegatsiyasi joriy yil 10–21-may kunlari Gʼarbiy Аfrikadagi Kot-d Ivuar Respublikasining Аbidjan shahrida oʼtkazilgan 15-Tomonlar Konferensiyasida (SOR-15) ishtirok etdi.

    Tadbirda Konvensiyaga aʼzo davlatlar rasmiylari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari qatnashmoqda. Konferensiyada Kot-d Ivuar, Namibiya, Nigeriya, Liberiya, Kongo, Mavritaniya va Niger davlatlari prezidentlari, Gabon Respublikasi Bosh vaziri qatnashdi. Fransiya Prezidenti E.Makron, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I va BMT sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun videomurojaatlar yoʼllashdi.

    Maʼlumot uchun: Konventsiya 1994-yil Parijda qabul qilingan. 196 mamlakat aʼzo. Oʼzbekiston 1995-yil ratifikatsiya qilgan. 1997-yildan buyon Konferensiya har ikki yilda bir marta tashkil etiladi. Bugunga qadar Italiya, Senegal, Braziliya, Germaniya, Shveytsariya, Kuba, Keniya, Ispaniya, Аrgentina, Janubiy Koreya, Namibiya, Turkiya, Xitoy va Hindiston mezbonlik qilgan. Аbidjan shahrida oʼtkazilgan 15-Tomonlar(SOR-15) konferensiyaning ochilish marosimida Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan “Yashil hudud” milliy tashabbusi eʼtirof etildi.

    Oʼzbekiston delegatsiyasi mamlakatda choʼllanish va qurgʼoqchilikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar va tashabbuslar haqida batafsil maʼlumot berdi.

    Shuningdek, MDHda birinchi marta BMTning Choʼllanish va qurgʼoqchilikka qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishi boʼyicha qoʼmitasi yigʼilishi 2023-yilda Oʼzbekistonda oʼtishi boʼyicha SOR-15 qarori qabul qilindi.
    Bu oʼrmonchilik, ekologiya va atrof-muhit va choʼllanish, qurgʼoqchilik, chang-qum boʼronlari boʼyicha Oʼzbekistondagi birinchi haqiqiy xalqaro tadbir hisoblanadi.

    Oʼzbekistonda oʼtkaziladigan KRIK-21da, dunyoning barcha davlatlaridan kelgan vakillar va xalqaro donorlar bir hafta davomida choʼllanish, qurgʼoqchilik, chang boʼronlari, yerlardan barqaror foydalanish, yerlarni tiklash masalalarini muhokama qilishadi.