Oʻzbekiston 24” kanalida berilgan reportajda maʼlum qilininishicha, rejaga koʻra, yaqin ikki yil ichida respublika boʻylab kamida 100 ta zamonaviy va yuqori texnologik yoqilgʻi quyish shoxobchalari (AYOQSH) tarmogʻi ishga tushiriladi.

Ushbu loyiha doirasida chakana savdo aktivlariga kamida 150 million dollar miqdorida investitsiya kiritiladi. Yangi shoxobchalar toʻliq gʻarb standartlari asosida barpo etilib, yuqori sifatli yoqilgʻi va mijozlarga xizmat koʻrsatishning zamonaviy tizimlari bilan taʼminlanadi. Ayni paytda loyiha uchun zarur mablagʻlar toʻliq shakllantirilgan.

Loyihaning muhim ijtimoiy jihati yangi ish oʻrinlari bilan bogʻliq. Har bir obyektda kamida 30 ta, umumiy hisobda esa Oʻzbekiston fuqarolari uchun 3000 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Ayniqsa, avtomagistral yoʻllarda sayyohlar va tranzit yuklarni tashuvchilar uchun maxsus transport markazlari tashkil etilishiga alohida urgʻu berilgan.

Bundan tashqari, “Gulf” kompaniyasi aviatsiya sohasiga ham 50 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu mablagʻlar mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar uchun xavfsiz hamda barqaror yoqilgʻi taʼminoti tizimini yaratishga yoʻnaltiriladi.

Yana bir muhim strategik qadam sifatida, kompaniya Markaziy Osiyo boʻyicha oʻzining operatsion bazasini Toshkent shahrida joylashtirishini maʼlum qildi. Bu qaror Oʻzbekistonni mintaqaviy logistika va chakana savdo markaziga aylantirish yoʻlidagi muhim bosqich boʻladi. Kreyg Kramer mamlakatda investorlar uchun yaratilgan ochiq va ishonchli muhitni alohida eʼtirof etib, barcha viloyat hokimlaridan hamkorlik boʻyicha aniq takliflar olinganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.