Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhiga aʼzo boʻlgan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) Oʻzbekiston hukumatiga past foiz stavkasida, muddati 30 yil, jumladan, besh yillik imtiyozli davr bilan imtiyozli moliyalashtirishni taqdim etadi.
Joriy yil 24-25-may kunlari Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi oʻrtasida kredit boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston delegatsiyasiga Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari Azim Axmedxadjayev, Xalqaro Taraqqiyot Assotsiatsiyasi delegatsiyasiga Jahon bankining mintaqaviy menejeri Marko Mantovanelli rahbarlik qildi.
Oʻzbekistonning qayta tiklanuvchi energiya manbalari salohiyatini oshirish borasidagi yetakchi mavqeini, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarni xalqaro hamjamiyatning faol qoʻllab-quvvatlashini, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish boʻyicha ulkan maqsadlarni hisobga olgan holda, Jahon banki Ijroiya direktorlar kengashi loyihani bir ovozdan qoʻllab-quvvatladi va uni amalga oshirish uchun Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining imtiyozli resurslaridan uzoq muddatli kredit ajratishni maʼqulladi.
Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasida energiya tejash va energiya samaradorligini oshirishga investitsiyalarni jalb etish uchun bozor ragʻbatlarini yaratishda muhim rol oʻynash uchun moʻljallangan.
Loyiha mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab oladi. Uning doirasida maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash sohalarida 800 dan ortiq muassasani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
Loyihaning asosiy natijasi jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish, shuningdek, energiya tejash va toza energiya ishlab chiqarishni ragʻbatlantiruvchi loyihalarga investitsiyalarni jalb etish tartib-qoidalarini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirishdan iborat boʻladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.