endi O'zbekistonda ham nogiron shaxslar uchun ko'p imkoniyatlarga ega bo'lgan bionik protezlar o'rnatish imkoniyati mavjud.
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “YAshnobod” texnoparki rezidentligini olgan Mingbaevʼs Academy of Robotics kompaniyasi O'zbekistonda bionik protezlarni ishlab chiqarmoqda.
Ma'lumot uchun aytish kerakki, bionik protezlar – qo'l-oyoqlarning yo'q qismlari yoki tana a'zolarining boshqa mayib qismlari o'rnida vaqtincha yoki doimiy ishlatiladigan mexanik moslama. Kosmetik nuqsonni yashirish (masalan, ko'z protezi) yoki o'zgargan faoliyatni tiklash (masalan, panja, tish) uchun xizmat qiladi.
Kosmetik hamda muolaja protezlari o'zaro farqlanadi. Faol, harakatlanuvchan va ushlash uchun asqatadigan protezlar korxonalarda ishlash imkonini beradi. Odatda, bu xil protezning ichiga ishlash moslamalari joylashtiriladi. Kosmetik (anatomik) protez yo'qotilgan a'zo (masalan, qo'l-oyoq, ko'z, tish, quloq chig'anog'i, ko'krak bezi va boshqalar) shakli va qisman faoliyatini tiklash uchun ishlatiladi.
Muolaja protezi biror a'zo faoliyatini tiklash maqsadida vaqtincha qo'llanadi (masalan, ortopedik poyabzal, skoliozda tanaga qiydiriladigan korset, bandaj, ortopedik apparatlar). Qo'l va oyoq protezlari bir necha xil bo'ladi. Oyoq panjasi kesilganda panja, to'piqdan tizzagacha kesilganda boldir, boldirdan chanoq bo'g'imigacha kesilganda son va umuman oyoq bo'lmaganida chanoq-son protezlaridan foydalaniladi. Qo'l protezlarining esa panja, bilak, elka va boshqa xillari mavjud bo'lib, bu ko'proq amputatsiya qilingan sohaga moslanadi.
Protez polietilen, xlorvinil, termoplast va boshqa materiallardan engil, qulay va chidamli, gigienik talablarga javob beradigan qilib tayyorlanadi.
Uning qulayligi shundaki, qo'l bilan bemalol barmoqlarni harakatga keltirish, ovqatlanish va kundalik turmushdagi barcha maishiy ishlarni bajarish mumkin.
Ruxsora O'RINBOEVA,
“YAshnobod” innovatsion texnoparki matbuot kotibi