2020 yilda koronavirus pandemiyasining rivojlanishi ko'plab davlatlar qatori O'zbekistonda ham barcha sohalarga o'z salbiy ta'sirini ko'rsatdi. Bu, ayniqsa, aholining bandlik darajasidagi keskin o'zgarishlarda yaqqol ko'zga tashlandi.
Minglab insonlar mavjud ish o'rinlarini yo'qotdi. Birgina misol, pandemiya rivojlanishigacha bo'lgan davr, ya'ni o'tgan yilning birinchi choragida mamlakatimizda ishsizlik darajasi 9,4 foizga o'sgan bo'lsa, bu ko'rsatkich iyun oyida 13,2 foizni tashkil qildi.
Shu bois, vujudga kelgan murakkab vaziyatning ilk davridayoq unga qarshi choralar izlandi. Pandemiya sharoitida aholi bandligini ta'minlash, barqaror va munosib ish o'rinlarini yaratishga qaratilgan milliy bandlik dasturlari doirasida aniq vazifalar belgilanib, ularni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar ko'lami ortdi. Ayni vaqtda, aholi bandligini ta'minlash bilan bir qatorda, majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik bo'yicha ham tizimli ishlar amalga oshirila boshlandi. O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Munosib mehnat orqali barqaror rivojlanish sari” mavzusida videokonferentsaloqa shaklida o'tgan davra suhbatida xorijlik ekspertlar ana shu masalalarda erishilgan yutuqlarimizni e'tirof etdi.
Xususan, mehmon ishtirokchilar vakillaridan biri — Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori yordamchisi X.Koller muhim ahamiyatga ega bo'lgan ushbu tadbirni tashkil etgani uchun O'zbekistonga minnatdorchilik bildirib, pandemiya barcha sohalarga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan bir vaqtda, mehnat munosabatlarini qo'llab-quvvatlash dolzarb ekanini ta'kidladi. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva kirish so'zi bilan ochib bergan davra suhbatida Xalqaro mehnat tashkilotining Evropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha mintaqaviy byurosi direktori rahbarligidagi delegatsiya, BMTning O'zbekistondagi loyihalari rahbarlari, bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi vakillari hamda mahalliy vazirlik, tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Uchrashuvda asosiy e'tibor O'zbekistonda aholi bandligin ta'minlash, barqaror ish o'rinlarini tashkil etish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, mavsumiy ishchilarning huquq hamda manfaatlarini har tomonlama himoyalash, qishloq xo'jaligi sohasini diversifikatsiya qilish masalalariga qaratildi. O'z navbatida, O'zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish bo'yicha ko'rilayotgan choralarning samaradorligi, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 2020 yilda paxta yig'im-terimi mavsumi davomida o'tkazilgan “Uchinchi tomon monitoringi” natijalari muhokama qilindi.
— Prezidentimizning qat'iy siyosiy irodasi, bir qator ko'rsatmalari tufayli mamlakatimizda 2016 yildan buyon majburiy mehnatni to'liq bartaraf qilish bo'yicha bir qator tadbirlar olib borilmoqda, — dedi O'zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov. — O'tgan yillar davomida respublikamizning barcha hududlarida, avvalo, qishloq xo'jaligi sohasi, paxta terimi mavsumida majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslikka qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelindi. Oxirgi uch yilda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan bir nechta xalqaro tuzilmalarni jalb qilgan holda paxta terimi mavsumida majburiy mehnatga yo'l qo'yish holatlari bo'yicha “Uchinchi tomon monitoringi” o'tkazilayotgan edi. Monitoring ishlari 2020 yilda ham davom ettirildi. Onlayn uchrashuvda Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha rahbariyati tomonidan 17 tadan ortiq turli xalqaro tashkilotlar ishtirok etgan monitoring natijalari bo'yicha xisobot berildi. Jarayonlarga biriktirilgan malakali mutaxassislarning xulosasiga ko'ra, respublikamizda bolalar mehnati mutlaqo yo'qligi, o'tgan yilda tizimli majburiy mehnatga ham umuman yo'l qo'yilmagani e'tirof etildi.
Buni albatta, yurtimizda munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo'yicha qo'yilgan katta qadam sifatida baholash mumkin. Shu bilan birga, bu o'zgarishlar yangi ish o'rinlari yaratish, diyorimizga xorijlik investorlarning kirib kelishiga zamin yaratadi. Kelgusida aholi bandligini ta'minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga doir rejalarimizni amalga oshirishga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda paxtachilik sohasida bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan monitoring ishlarini davom ettirish, 2021 yildan boshlab iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirokida monitoring o'tkazilishini yo'lga qo'yishga kelishib olindi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri