Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi O'simliklarni himoya qilish va karantini agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz bo'ylab soha mutaxassislari uchun chigirtkalarga qarshi kurash bo'yicha Qashqadaryo viloyatida trening tashkil etdi. Unda hududiy chigirtka va tut kuyalariga qarshi kurashish xizmati xodimlari qatnashishdi.

Treningda milliy mutaxassislar tomonidan zararkunandalarga qarshi kurashning zamonaviy usullari, mikrobiologik preparatlardan foydalanish va boshqa muhim masalalar haqida so'z yuritildi. Mutaxassislar Marokash chigirtkasining Qarshi dashti va Surxon-Sherobod vodiysidagi asosiy tarqalish markazlari qayd etilib, boshqa chigirtka turlari — italyan chigirtkasi va yirik saksovul dumbasi populyatsiyasining monitoringi masalalari ko'rib chiqildi. Chigirtkalarning tabiiy dushmanlari va ularning zararkunandalar soni rivojidagi o'rni haqida so'z yuritildi.

Trening davomida O'zbekistonda ma'lumotlarni to'plashning avtomatlashtirilgan tizimi (ASDC) va Kavkaz hamda Markaziy Osiyoda chigirtkalarga qarshi kurash tizimini (CCALM) keng joriy etish va ulardan foydalanish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Yangi ilovalar geografik axborot (GIS) texnologiyalari va chigirtkalar haqidagi ma'lumotlarni to'plash, tahlil qilish uchun masofaviy zondlash usullaridan foydalanishga asoslangan bo'lib, ular dala tadqiqotlari ma'lumotlarini kiritish hamda o'quvchilarni chigirtkalar tarqalishi va yuzaga kelishi mumkin bo'lgan tahdidlar haqida onlayn xabardor qilish imkonini beradi.

Har ikki tizim ham FAO tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, zararkunandalarga qarshi kurash samaradorligini oshiradi. Chigirtkalar tarqalishidan erta ogohlantirish va tahdidlarga o'z vaqtida javob berish maqsadida Kavkaz va Markaziy Osiyoning  chigirtkalar ko'payib borayotgan mamlakatlarida joriy etilmoqda. Shuni ta'kidlash kerakki, ASDC va CCALM Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlarining o'nta tilida, shu jumladan, o'zbek tilida ham ishlaydi.

Chigirtkalarga qarshi kurash bo'yicha navbatdagi treninglar 65 nafar ishtirokchilarni qamrab olgan holda 9-12-mart kunlari  Jizzax, 16-18-martda Namangan viloyatlarida, 23-26-martda esa Qoraqalpog'iston Respublikasida o'tkazilishi rejalashtirilgan.