Jamoatchilik bilan muloqotlardan avval Oʻzbekistonning barcha hududlarida mahalla rahbarlari hamda xotin-qizlar, yoshlar va din ulamolari bilan maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.
“Hukumat Oʻzbekistonda COVID-19ga qarshi emlashni yoʻlga qoʻyar ekan, emlashni targʻib qilishga mahalliy jamoalarni jalb qilish muhim rol oʻynaydi”, — dedi Sanitariya-epidemiologiya farovonligi va aholi salomatligi xizmati boshligʻi Bahodir Yusupaliyev. “Muloqot mahalliy rahbarlar uchun jamoalarning xavotirlari haqida gapirish va aholi orasida vaksinaga boʻlgan ishonchsizlikni bartaraf etish boʻyicha yechimlarni taklif qilish uchun platforma boʻlib xizmat qiladi”.
Jamoa muloqotlarining dastlabki seriyasi kecha Jizzax viloyatida boshlandi. Bunday tadbirlar barcha viloyatlarda mahalliy yetakchilar va xalq hurmatiga sazovor boʻlgan shaxslarni qamrab oladi.
“COVID-19 bilan kurashish uchun hukumat va xalqaro hamjamiyat vaksinalarni yetkazib berar ekan, jamoalar oʻz qoʻrquvlari va vaksinaga nisbatan qatʼiyatsizlikni yengish orqali emlatishga safarbar etilayotgani muhim ahamiyat kasb etadi”, — dedi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. “Biz hozir ikkita pandemiyaning oʻrtasidamiz: COVID-19 pandemiyasi hamda virus haqidagi notoʻgʻri maʼlumotlar, fitna va noaniqliklardan iborat infodemiya. Jamoalar bilan muloqot etika jihatlarini eʼtiborga olgan holda oʻtkazilib, emlashga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi.”
Jamoa bilan muloqotni Sogʻliqni saqlash vazirligining immunizatsiya ekspertlari olib boradi. Ular COVID-19ga qarshi emlanish boʻyicha jamoalarning xavotirlarini maslahatlashuv tariqasida muhokama qilib, emlash boʻyicha ularni qiziqtirayotgan savollarga javob beradilar.
“Pandemiya va vaksinatsiya mamlakatning har bir fuqarosini tashvishga solyapti, shu bois qaror qabul qilish jarayoniga aholining barcha qatlamlarini inklyuziv ravishda jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi”, — dedi “Yuksalish” Umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov.
Oʻzbekiston, butun dunyo kabi, pandemiyaning uchinchi toʻlqini bilan kurashar ekan, COVID-19ga qarshi emlanish haqida afsona va notoʻgʻri maʼlumotlar muammosi saqlanib qolyapti.