Sayyoramizda aholi soni kun sayin ortib, barcha turdagi mahsulotlarga bo'lgan ehtiyoj kengayib boryapti. Ayniqsa, jahon bozorida kiyim-kechak, tekstil mahsulotlariga talab hamisha yuqori. Shu bois, to'qimachilik sanoati dunyoda eng tez rivojlanayotgan sohalar qatorida yetakchilik qilmoqda. Nafaqat paxta va ipak, balki jun tolasidan tayyorlanadigan mahsulotlarning xaridori doim topiladi.
Yurtimizda junchilik yaxshi rivojlangan. Ammo jun tolasidan sifatli ip ishlab chiqarishda asosan mayin jundan foydalanish talab etiladi. O'zbekiston sharoitida yetishtirildadigan qo'y junining asosiy qismini esa dag'al va qattiq junlar tashkil qiladi. Ulardan sifatli ingichka ip olishning imkoni yo'q. Bordiyu, dag'al jun qayta ishlanib, mayin jun tolasiga aylantirilsa, tarmoqda xomashyo bazasi yanada kengayib, tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmi ortishiga erishiladi. Chorvachilik tarmoqlarida ishlab chiqarishni kengaytirish vazifasi Prezident qarori bilan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo'yicha 2022—2026-yillarga mo'ljallangan dastur”da ham belgilangan.
Shu maqsadda institutimiz olimlari Toshkent to'qimachilik va yengil sanot instituti mutaxassislari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib bordi. Natijada dag'al junni kimyoviy va mexanik usulda qayta ishlash orqali texnik jihatdan sifatli bo'lgan mayin jun olishga erishdik. O'tgan yili 1–2-iyun kunlari davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida mazkur innovatsion loyiha taqdimoti o'tkazilganida, yangilik istiqbolli, deb topildi. Berilgan topshiriq asosida loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilib, 1 milliard 100 million so'm mablag' ajratildi. Hozirda mazkur texnologiya Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida ishlab chiqarishga joriy etilgan.
Endi qo'y juni chiqindiga chiqarilmaydi
Jun tolasidan tayyorlangan mahsulotlar tabiiy xossalari, ko'rkamligi, mustahkamligi, mayin va issiqlikni yaxshi saqlay olishi bilan ajralib turadi. Bunday mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun asosan qo'yning mayin junidan foydalaniladi. Qo'ylarning dag'al juni esa odatda qirqib olingach, tashlab yuboriladi. Boisi, shu vaqtgacha uni qayta ishlash texnologiyasi bo'lmagan.
O'zim ham bolalikdan bunga ko'p guvoh bo'lganman. Kuzda va bahorda qo'ylarning junini qirqardikda, qoplarga solib, saqlab qo'yardik. Ammo unga hech kim xaridor bo'lmas va oxir-oqibat chiqindi sifatida tashlab yuborardik. O'shanda “nahotki shu junni biror narsaga ishlatib bo'lsama”, deb o'ylaganman. Keyinchalik Toshkent to'qimachilik va engil sanoat institutiga o'qishga kirib, qo'y junlari va uni qayta ishlash haqida ko'proq ma'lumotlar o'rgandim. Ustozim — texnika fanlari doktori, professon Iroda Nabiyeva bilan birgalikda loyihaning ilmiy va amaliy asoslarini ishlab chiqdik. Yillar o'tib, bu g'oyani rivojlantirishga ahd qildim.
Aytish joizki, mazkur tajriba faqat yurtimiz sharoitida bajarilmoqda. Chunki xorij davlatlarida asosan mayin jun etishtiriladi. Mamlakatimiz hamda qo'shni Qozog'istonda boqiladigan qo'ylarning juni esa ko'p hollarda dag'al. Bu tabiat, iqlim sharoitimiz hamda quy zotlari bilan bog'liq.
Hozirgi kunda mamlakatimizda 15—20 million bosh qo'y va echkilar boqiladi. Ulardan 13 ming tonna jun xomashyosi tayyorlash mumkin. Nisbatan keng tarqalgan qorako'l qo'ylarning juni yilda ikki marta — bahor va kuzda qirqib olinadi. Kuzgi qirqimda olingan junlar qattiq va dag'alroq bo'lib, ulardan asosan na'mat va noto'qima mahsulotlar, issiqlik saqlovchi materiallar sifatida foydalanib kelinmoqda. Bahorgi qirqim esa kuzgiga nisbatan mayin va sifatli jun tolalarining ko'pligi bilan ajralib turadi.
Jarayonning asosiy qismi
Har bir quydan tozalanmagan xolda o'rtacha 1-1,5 kilogramm atrofida jun olish mumkin. Undan sifatli mahsulot ishlab chiqarish uchun esa junga dastlabki ishlov berish talab etiladi. YA'ni, dag'al jun tolasini tarkibidagi turli chiqindilar, tabiiy yog' qoldiqlaridan tozalash zarur.
Dastlab, jun tolasi saralanib, keyingi bosqichda mexanik usulda titish va tozalash jarayonidan o'tkaziladi. So'ng spirt aktiv modda, soda, maxsus fermentlardan iborat eritma yordamida yuviladi. Bu jarayonning asosiy qismi bo'lib, unda jun tolasi tarkibidagi yog'-moddalar kimyoviy moddalar ta'sirida eruvchan xolatga o'tadi. Maxsus fermentlar esa jun tolasining mayinlashishini ta'minlaydi. Yuvish jarayonida xomashyoning fizik-mexanik xossalari saqlab qolinadi, ho'llanuvchanligi, suv shimuvchanligi va mayinligi ortadi.
Yuvish vaqtida nafaqat jun, balki jarayonda hosil bo'ladigan yuvish eritmalari ham tozalanib, undan jun yog'i ajratib olinadi. Bu iqtisodiy samarador bo'lish bilan birga, atrof-muhit va ekologik jihatdan ham ahamiyatlidir.
Shunday qilib, tajribalar davomida dag'al jun tolasiga kimyoviy usul yordamida birlamchi ishlov berilib, tozalash va yuvish jarayonlaridan so'ng mayin junga aylantirishga erishdik. Ushbu usulda olinadigan xomashyo asosida to'qimachilik sanoatida jun tolali kalava iplar, trikotaj mahsulotlari, kostyumbop matolar va turli xildagi to'qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Hozir junni qayta ishlash korxonamizda 6 ta ishchi o'rni yaratilgan bo'lib, zarur texnologik qurilmalarni yasash va o'rnatish ishlari olib borilyapti. Yaqin kunlarda korxona ishga tushiriladi. Bu erda dag'al junni to'liq qayta ishlab, yiliga 60 tonna mayin jun tayyorlash kutilmoqda. Keyingi bosqichlarda esa mayinlashtirilgan jun tolasi yigirilib, tayyorlangan ingichka ip va uning asosida har xil assortimentdagi trikotaj va kostyumbob matolar ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi. Bu orqali yana 20 nafardan ortiq ish o'rni yaratiladi.
Tajribani hududlarda qo'llash ham yaxshi samara beradi. Qirqib olingan qo'y junini chiqindi sifatida tashlab yuborayotgan aholi endilikda, undan daromad olishi mumkin. Asosiysi, yangi texnologiya to'qimachilik sanoatida qo'shimcha xomashyo bazasini yaratadi. Bu esa yangi turdagi tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Mustafoqul O'ROZOV,
Termiz muhandislik texnologiya instituti
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor,
texnika fanlari nomzodi, dotsent
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 26.05.22, 104-sonida e'lon qilingan)