Ekologiya vazirligi, ITSV, Energetika vazirligi va xorijiy kompaniyalar oʻrtasida tegishli kelishuvlar imzolandi, deya xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.

Maʼlum qilinishicha, 4,7 million tonnadan ortiq chiqindilarni yoqish hisobiga yiliga 97 million dollarlik 2,1 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va chiqindi poligonlari soni besh baravarga qisqaradi.

Shuningdek, bu 152 million kub metr tabiiy gazni tejash va 2,4 million tonna issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirish imkonini beradi. Shuningdek, 1,2 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.

2025-2027-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarning umumiy qiymati 1,28 milliard dollarni tashkil etadi. Qurilish jarayonlari 2025-yil yanvarda boshlanadi, zavodlar esa 2026-yil dekabrda ishga tushirilishi kerak.

Xususan:

  • China CAMC Engineering Toshkent va Andijon viloyatlarida 12 gektar maydonda 350 million dollarlik ikkita zavod quradi;
  • “Shanghai sus Environment” Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 12 gektar maydonda 310 mln dollarlik ikkita zavod quradi;
  • China Everbright Group Namangan va Fargʻona viloyatlarida 12 gektar maydonda qiymati $283 mln boʻlgan ikkita zavod quradi;
  • Chengdu Environmental Group Jizzax viloyatida 12 gektar maydonda 135 million dollarlik zavod quradi;
  • Tadweer Group Buxoro viloyatida 12 gektar maydonda 200 million dollarlik zavod quradi;
  • Sejin Toshkent viloyatida 59 gektar maydonda 55 million dollarlik zavod quradi.

Ekologiya vazirligining taʼkidlashicha, bunday yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish mamlakatda chiqindilarni boshqarish sohasida aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish orqali ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, sanitariya holatini yaxshilash va aholi orasida xavfli kasalliklarning tarqalish xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, chiqindilarni qayta ishlash muqobil energiya, xomashyo va organik oʻgʻitlar olishga, shuningdek, mavjud chiqindi poligonlari hududida ekosanoat zonalarini yaratishga yordam beradi.