Oʻzbekistonda elektromobillar uchun utilizatsiya yigʻimi oshiriladi

    Vazirlar Mahkamasi qarori bilan utilizatsiya yigʻimlari elektromobilning ishlab chiqarilgan yiliga qarab 45 mln soʻmdan 78,75 mln soʻmgacha etib belgilandi.

    "Elektrodvigatelga ega boʻlgan transport vositalari akkumulyator batareyalarini utilizatsiya qilish infratuzilmasini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisi"dagi hukumat qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan 2025-yil 1-maydan Oʻzbekistonda elektromobillar uchun (TIF TN kodi 8703 80) utilizatsiya yigʻimlari joriy etiladi:

    — ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3-yildan ortiq boʻlmagan elektromobillar uchun BHMning 120 baravari (45 million soʻm);
    — ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3-yildan ortiq boʻlgan elektromobillar uchun BHMning 210 baravari (78,75 million soʻm).

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarorda belgilangan utilizatsiya yigʻimlarini yigʻish hamda ulardan samarali foydalanish tartibini ishlab chiqadi.

    Qaror mamlakatda "yashil" texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, elektromobillarning yaroqsiz holga kelib qolgan batareyalarini atrof-muhitga keskin zarar yetkazmagan holda utilizatsiya qilishni taʼminlash hamda sohada mahalliylashtirish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida qabul qilingan.