Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi hamda IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti oʻrtasida memorandum imzolandi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevraldagi “Ipakchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida joriy yilgi bahorgi pilla yetishtirish mavsumidan boshlab, tajriba tariqasida pillachilik klasterlari hamda Boʻka va Ohangaron tumanlarida joylashgan manzil-koloniya tipidagi jazoni ijro etish muassasalari oʻrtasida pilla xomashyosini yetishtirish yuzasidan shartnomalar tuzish koʻzda tutilgan.
Shunga koʻra, memorandum doirasida jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarni qoʻlda ipak va jun gilam hamda ipak mato toʻqish yoʻnalishi boʻyicha kasb-hunarga tayyorlash va ularga shartnoma asosida dastgohlar yetkazib berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, pillachilik korxonalari va jazoni ijro etish koloniyalari oʻrtasida pilla yetishtirishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.