Bugun butun dunyoda energiya tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqish hamda ular maishiy turmush va sanoatda keng qoʻllanilmoqda.

Ana shunday uylardan biri Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi “Yoshlik” mahallasida BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan Global atrof-muhit fondi moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda energiya samarador qishloq uy-joy qurilishini rivojlantirish” qoʻshma loyihasi doirasida qurildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, loyihaning asosiy maqsadi qishloq aholisini atrof-muhitga zarar keltirmaydigan va arzon turmush sharoitlari bilan taʼminlashdan iborat.

Mazkur qoʻshma loyiha taqdimotida ayni kunlarda Oʻzbekistonda boʻlib turgan BMT Bosh kotibi yordamchisi Xaolyan Shu, Qurilish, Energetika hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirliklari, viloyat, shahar hokimliklari vakillari, shuningdek, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etishdi.

Tadbir doirasida mutaxassislar tomonidan uyning tashqi devorlari, pol va tom qismlarining bir qator afzalliklari tushuntirib berildi.

Shundan soʻng uy ijtimoiy sinovdan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Qurilish vazirligiga rasman topshirilishi taʼkidlandi.