Oʻzbekistonda yer qaʼridan foydalanish qoidabuzarliklari haqida xabar berganlarga pul mukofoti beriladi

    Oʻzbekistonda 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab yer qaʼridan foydalanish qoidabuzarliklari haqida xabar bergan fuqarolar pul mukofoti olishi mumkin boʻladi.

    Bu haqda “Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarorida belgilandi.

    Hujjatga koʻra, 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi maxsus axborot tizimiga yuborilgan yer qaʼridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, ularni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.

    Bunda fotosuratlar yoki videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash inspeksiya soʻroviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.