Bosh qomusimizning 22-moddasida mustahkamlangan “Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi” degan norma hayotda qay darajada oʻz aksini topayotganiga bir qator hayotiy misollar yordamida barchamiz guvoh boʻlmoqdamiz.
Birinchidan, pandemiya sharoitida xorijiy mamlakatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari davlat hisobidan charter reyslar orqali vatanga qaytarildi. Aholi sogʻligʻini saqlash, ishsiz qolgan fuqarolar, tadbirkorlarga birinchi darajali yordam berish maqsadida 10 trillion soʻm fondga ega boʻlgan Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etildi. Shu yil davomida ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va bandlikni oshirishga 2,6 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratildi.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga binoan 5-marta oʻtkazilgan “Mehr operatsiyasi” doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga jami 531 nafar vatandoshimiz qaytarildi. Oʻzga yurtga borib, ogʻir hayotiy davrni boshdan oʻtkazgan bu insonlarga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilmoqda. Ushbu amaliy ishlar Oʻzbekiston fuqarolari hamisha oʻz davlati va Konstitutsiyasi himoyasida ekanidan dalolat beradi.
Uchinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi gʻoyalari asosida Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilgan islohotlar uzoq yillar davomida Oʻzbekiston fuqarosi boʻlish orzusida yurgan koʻplab vatandoshlarimizni koʻnglini togʻdek koʻtardi.
Raqamlarga eʼtibor qaratsak, 1991-yildan 2016-yil dekabrgacha 482 kishi Oʻzbekiston fuqaroligini olgan boʻlsa, 2016-yil dekabrdan 2020-yilgacha boʻlgan muddatda bunday shaxslar 16 ming nafarni tashkil etdi. Bundan tashqari, 2020-yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi qonunga binoan 1995-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekistonda yashab kelgan 50 ming fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olindi. 2021-yil 14-iyunda Prezidentimiz tomonidan imzolangan hujjatga koʻra, 2005-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekistonda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida boʻlmagan shaxs maqomidagi qariyb 20 ming vatandoshimiz ham Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro degan sharafli nomga ega boʻldi.
Mazkur islohotlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi institutining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari yanada takomillashuviga xizmat qildi. Bunday muhim qadamlar BMTning fuqaroligi boʻlmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirigʻiga Oʻzbekistonning munosib amaliy javobidir.
Toʻrtinchidan, qonun bilan xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, shuningdek, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyda koʻchma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratildi.
Natijada chet elda istiqomat qilayotgan oʻzbekistonliklarning prezidentlik saylovida qatnashishi uchun 49 ta davlatda 54 ta statsionar va 316 ta koʻchma saylov punkti tashkil etildi.
Diplomatik vakolatxonalar tomonidan chet eldagi 151 oʻzbek diasporal tashkiloti bilan hamkorlik oʻrnatildi. Bundan tashqari, vazirlik taklifi asosida Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan xorijdagi 34 ta oʻzbek diasporasi bilan chet davlatlarda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining bandligini taʼminlash va ularning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish sohasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
Beshinchidan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi Oʻzbekistonni qurishda barcha vatandoshlarimizni safarbar etish, ularning salohiyatini Vatanimiz taraqqiyotiga yoʻnaltirish, ularni amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga jalb qilish ishlari boshlandi. Ilgari xorijda faoliyat yuritayotgan, qanchalik professional, tajribali boʻlmasin, oʻsha vatandoshimizda qandaydir ishonchsizlik kayfiyati boʻlar edi. Mana bugun koʻryapmizki, xorijda faoliyat olib borayotgan koʻplab vatandoshlarimiz ijobiy oʻzgarishlarga oʻzlarining hissasini qoʻshmoqda.
Bir necha yillar oldin biror-bir ogʻir sharoitga tushib qolgan migrantning huquqini himoya qilish borasida ham, uni qoʻllab-quvvatlash borasida ham na vakolatxonalarimizning va na boshqa davlat idoralarining harakati sezilardi. Hozir Oʻzbekistondan tashqarida faoliyat olib borayotgan barcha migrantlarga huquqiy, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham qator dasturlar eʼlon qilingan.
Yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarish uchun konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishni hayotning oʻzi, islohotlar mantigʻi talab etmoqda. Bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan islohotlar har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratishga qodir boʻlishi lozim.
Davron MAMASOBIROV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
fakulteti dekani oʻrinbosari