Oʻzbekistonda ichki isteʼmol talabini qondirish maqsadida tabiiy gaz importi yoʻlga qoʻyiladi

    Sanoat 19 Yanvar 2021 677

    Bugun AOKAda “Oʻztransgaz” AJ matbuot kotibi Shahnoza Ravshanova ishtirokida brifing oʻtkazildi.

    Brifingdan muhim maʼlumotlar:

    “Oʻztransgaz” AJ tabiiy gazni eksport va import qilish uchun gaz qazib oluvchi tashkilotlardan olib, magistral gaz quvuriga toʻgʻridan-toʻgʻri ulangan isteʼmolchilarga yetkazib beruvchi operator sanaladi. 2020-yilda respublika isteʼmolchilariga qariyb 40 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. Kuz-qish mavsumi sovuq kelgani bois hukumat topshirigʻi bilan eksport hajmi kamaytirilib, ichki isteʼmolga yoʻnaltirildi.

    2020-yilda 194 kmdan ortiq uzunlikdagi magistral quvurlarida qurilish, kapital taʼmirlash va rekonstruksiya ishlari olib borildi.

    “Oʻrtasaroy”, “Uchtom”, “Yangi hayot” GTS qurildi, bir qator GTSlar zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilindi.

    2020-yilda respublika hududida joylashgan gaz taqsimlash inshootlari milliy geoaxborot tizimiga toʻliq kiritildi.

    Magistral gaz quvurlarida gaz hisobi va nazoratining avtomatlashtirilgan onlayn tizimi (ASKUG) joriy etilgani natijasida gaz qazib oluvchi tashkilotdan olinayotgan hamda isteʼmolchilarga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazilayotgan gazning hisobini onlayn yuritish imkoni yaratildi.

    Prezident Sh.Mirziyoyevning Parlamentga yoʻllagan murojaatida tabiiy gaz taʼminotidagi monopoliya bekor qilinib, bozor mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilishi taʼkidlandi. Bunda ishlab chiqaruvchi va importyorlar birja orqali tabiiy gazni sotish, ulgurji isteʼmolchilar esa gazni sotib olish huquqiga ega boʻladi. “Oʻztransgaz” AJ esa faqat gazni transportirovka qiladi. Hozirda ayni jarayonning normativ-huquqiy asoslari ishlab chiqilmoqda.

    Joriy yil soʻngiga qadar ulgurji isteʼmolchilarning maʼlum bir qismi tabiiy gazni birjalar orqali sotib olishni boshlaydi va bu jarayon bosqichma-bosqich davom ettiriladi. Ortib borayotgan ichki isteʼmol talabini qondirish maqsadida tabiiy gaz importi yoʻlga qoʻyiladi.