Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Maʼlum qilinishicha, IIV, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida 806 ta tungi reyd va 2876 ta tintuv oʻtkazilgan.

Tadbirlar davomida 116 ta tovlamachilik, 315 ta qurol-yarogʻni noqonuniy saqlash, 86 ta qimorxona tashkil etish, 40 ta odam savdosi hamda 790 ta fohishaxona saqlash va OIV infeksiyasini tarqatish bilan bogʻliq jinoyat holatlari fosh etildi. Shuningdek, qidiruvda boʻlgan 533 nafar shaxs qoʻlga olingan.

Yanvar–fevral oylarida jami 3150 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 2934 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi. 980 nafar shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Qurol bilan bogʻliq 315 ta ish doirasida jami 4570 ta sovuq qurol musodara qilingan. Ular orasida 50 ta bita, 72 ta kastet, 4004 ta oʻtkir tigʻli jism va 444 ta boshqa turdagi qurollar bor.

Bundan tashqari, daliliy ashyo sifatida 5814 dona oʻq-dori hamda 3 kilogramm 715 gramm portlovchi moddalar olib qoʻyilgan.

IIV maʼlumotiga koʻra, ijtimoiy tarmoqlarda kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi, yoshlar va aholi orasida buzgʻunchi hamda jinoyat olami gʻoyalarini targʻib qiluvchi 47 ta akkaunt bloklangan.

Qayd etilishicha, jinoyatchilikning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashish va jamiyatda sogʻlom muhitni mustahkamlash boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan qatʼiy choralar koʻrilmoqda.