Tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzatom” agentligi hamda Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi oʻrtasida atom energetikasi va unga yaqin sohalarda hamkorlik qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”, shuningdek, Oʻzbekistonda integratsiyalashgan AES qurish boʻyicha shartnomaga doir kelishuv imzolandi. Hujjatlarga “Oʻzatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov imzo chekdi.

Yoʻl xaritasi AES qurilishi bosqichlari, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, jamoatchilik bilan ishlash, atomchilar shaharchasi infratuzilmasini barpo etish hamda sohani kompleks rivojlantirish kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan.

Shuningdek, Forish tumanida RITM-200N reaktoriga ega kichik quvvatli AES energoblokini barpo etish doirasida dastlabki beton ishlariga start berildi. Marosimda AES qurilishi direksiyasi direktori Abdijamil Kalmuratov va “Atomstroyeksport” AJ vitse-prezidenti Pavel Bezrukov ishtirok etdi.

Hozirgi bosqichda reaktor binosi ostiga beton asos tayyorlanmoqda. Ushbu jarayonni 2026-yil aprel oyida yakunlash rejalashtirilgan boʻlib, jami 900 kub metrga yaqin beton yotqiziladi. Natijada reaktor binosi uchun gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega mustahkam poydevor shakllantiriladi.

Loyiha doirasida stansiyaning yangilangan konfiguratsiyasi ham tasdiqlandi. Unga koʻra:

— VVER-1000 (3+ avlod) reaktorlariga ega 2 ta yirik energoblok;

— RITM-200N reaktorlariga ega (har biri 55 MVt) 2 ta kichik energoblok quriladi.

AES toʻliq quvvatga chiqqanidan soʻng yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi qariyb 15,4 mlrd kVt·soatni tashkil etadi. Bu mamlakat umumiy elektr isteʼmolining 15 foizdan ortigʻini qoplash imkonini beradi.

Mutaxassislar tomonidan oʻtkazilgan ekspertiza tanlangan maydonda faol tektonik yoriqlar, yuqori seysmik xavf yoki karst jarayonlari mavjud emasligini tasdiqladi. Shu bilan birga, hudud yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik talablari, ekologik meʼyorlar hamda texnik standartlarga toʻliq javob berishi qayd etildi.

“Bugun biz Oʻzbekiston kelajagi uchun muhim qadam qoʻydik. AES qurilishi boʻyicha ishlar bosqichma-bosqich va eng yuqori xavfsizlik standartlariga rioya etgan holda amalga oshirilmoqda”, — dedi “Oʻzatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev.

Maʼlumot uchun, mazkur yirik energetika loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va nazorati ostida amalga oshirilmoqda. U mamlakat energetik mustaqilligini taʼminlash, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash hamda aholi turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi.