Oʻzbekistonda ilk bor “Yevro-6” yuqori sifatli dizel yonilgʻisi ishlab chiqarildi

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan Buxoro neftni qayta ishlash zavodini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, yuqori sifatli ekologik toza boʻlgan dizel yonilgʻisi ishlab chiqarish ishlari yoʻlga qoʻyildi hamda qisqa davrda ijobiy natijalarga erishildi.

    Zavod mutaxassislari tomonidan gazoylni gidrotozalash qurilmasidagi reaktorning ish tartibi uchun eng yaxshi texnologik variantlarni tanlash yoʻli orqali jarayonni optimallashtirish boʻyicha ishlar bajarildi. Bu esa oʻz navbatida, yuqori ekologik toifadagi dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarishni oʻzlashtirish imkonini berdi.

    Shu tarzda, Oʻzbekiston tarixida ilk bor Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan “Yevro-6” rusumidagi ekologik toza dizel yonilgʻisini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    Oʻz navbatida, OʻzDSt 989:2010 “YEVRO Dizel yoqilgʻisi. Texnik shartlar” talablariga javob beruvchi DT-YEVRO-L-III-K5 (EVRO-6) markali dizel yoqilgʻisini seriyali ishlab chiqarish uchun Ts 16472899-044:2021 tashkilotining muvofiqlik sertifikati olindi.

    Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “Yevro-6” rusumidagi ekologik toza dizel yonilgʻisini ishlab chiqarish muvaffaqiyatli davom ettirilib, 1150 tonna mazkur rusumdagi dizel ishlab chiqarilishga erishildi hamda birja savdolari orqali respublika isteʼmolchilariga taklif etildi.

    Eslatib oʻtamiz, “Yevro-6” rusumidagi dizel yonilgʻisi ichki yonuv dvigatellarini atrof muhitga zararini kamaytirishga qaratilgan boʻlib, tarkibida politiklik aromatik uglevodorodlar massa miqdori esa 4,0 % dan koʻp boʻlmagani holda, oltingugurt massa miqdori 5 mg/kg (ppm)ni tashkil etadi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati