Markazning asosiy maqsadi – jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishiga ko'maklashish hamda davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik mexanizlarini takomillashtirishdan iborat.

Markaz quyidagi vazifalarni o'z oldiga qo'ygan:

– korruptsiyaning sabab va oqibatlari, u etkazayotgan zarar, shuningdek, uning oldini olish bo'yicha tadqiqotlar o'tkazish;

– korruptsiya darajasi, davlat hokimiyati institutlariga ishonch darajasi va korruptsiyaga qarshi choralar ta'sirini baholash bo'yicha o'rganishlar olib borish;

– davlat organlari faoliyatida shaffoflik, haqqoniylik va halollikni ta'minlash bo'yicha kuchli jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

– O'zbekistonda korruptsiyaning oldini olish hamda qonun ustuvorligi ahvoli haqida muqobil ma'ruzalar tayyorlash va e'lon qilib borish;

– ochiqlik va shaffoflik, korruptsiyaga qarshi kurash, huquq ustuvorligini ta'minlash sohasida xalqaro standartlarni O'zbekistonda implementatsiya qilish masalalari bilan shug'ullanish;

– amaldagi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini mustaqil ekspertizadan o'tkazish va natijalarini e'lon qilish.

Korruptsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash masalalarida ushbu tashkilot “aql markazi” sifatida faoliyatini olib boradi.

Markaz Transparency International xalqaro nohukumat tashkilotida akkreditatsiyadan o'tish va boshqa ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlarga a'zo bo'lishni, ular bilan hamkorlik qilishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan.

Ma'lumot uchun. Markaz Toshkent shahri, Mirobod tumani, Tollimarjon ko'chasi, 1/1-uy manzilida joylashgan, deb xabar beradi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi.